“Bildirsoy – Chimyon – Nanay” xalqaro mavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish loyiha idorasi” davlat unitar korxonasi tomonidan “Chimyon turistik zonasini qurish” loyihasi doirasida e’lon qilingan tenderda Fransiyaning “Montagne et Neige Développement” (MND) kompaniyasi g‘olib chiqqan edi. Shu munosabat bilan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Fransiya hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi doirasida “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti ob’ektlarini qurish bo‘yicha “Bildirsoy – Chimyon – Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha loyiha ofisi hamda Fransiyaning “Montagne et Neige Développement” kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi.
Mazkur g‘oya amalga oshirilishi natijasida mamlakatimiz aholisiga ham, xorijlik mehmonlarga ham ochiq havoda hordiq chiqarishning ko‘plab turlarini taklif etadigan xalqaro darajadagi majmua tashkil etiladi. Loyiha doirasida dam oluvchilarni 2515 metr balandlikka olib chiqadigan gondol tasnifidagi 10 kishilik oraliq osma yo‘l va 3309 metrga ko‘tariladigan mayatnik tipidagi 80 kishilik asosiy osma yo‘l quriladi. Kurort Markaziy Osiyoda bunday inshootga ega eng baland nuqtaga aylanadi. Shuningdek, majmuada “XXL Zip line”, “Alpine coaster”, “Adventure tower”, “Tubing”, “Via ferrata” kabi 20 dan ziyod turdagi qishki va yozgi attraksion tashkil etiladi. Uzunligi 20 kilometrdan oshadigan turli xil 11 ta chang‘i uchish maydoni, 6000 kishilik mehmonxona va kottej quriladi.
Ushbu yirik tashabbus xalqaro miqyosdagi umummavsumiy kurort, sayyohlik manzili, ko‘ngil ochar attraksion va osma yo‘lga ega yangi turistik majmua barpo etishni nazarda tutadi. Shu bilan birga hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, Toshkent viloyati turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatimiz tog‘li hududlarida ommaviy sportni rag‘batlantirish uchun shart-sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.
Eng muhimi, yiliga 3 million bir yuz kishiga xizmat qiladigan xalqaro umummavsumiy kurort tashkil etilishi natijasida 451 yangi ish o‘rni yaratiladi.
O‘zA