Birlashgan Millatlar Tashkiloti saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, tuzilma mamlakatimizga suv tasodifiy ifloslanishining oldini olishda yordam ko‘rsatadi. Ma’lumki, O‘zbekiston oltin va uran qazib olish bo‘yicha dunyodagi eng yirik davlatlardan biri hisoblandi. Hozirgacha atigi 20 foiz zaxira qazib olinganini hisobga olsak, kelajakda tog‘-kon sanoati yanada rivojlanishini anglash qiyin emas. Bu jarayon suv ifloslanishi xavfini orttiradi.
Qolaversa, O‘zbekiston quyi oqimdagi davlat sifatida yuqori oqim mamlakatlaridagi tasodifiy ifloslanishdan ham bevosita aziyat chekadi. Shu bois, idoralar aro va transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash suv tasodifiy ifloslanishining oldini olishda ham, biror tabiiy ofat oqibatini yumshatishda ham muhim ahamiyatga ega.
Aprel oyi oxirida mamlakatimiz tegishli vazirlik, idoralari vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, chiqindi xavfsizligi va suv ifloslanishining oldini olish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tuzish masalasi muhokama qilingan. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Qozog‘iston va Tojikistondan keyin bunday ishchi guruhi rasman tashkil etgan uchinchi davlatga aylanadi.
Yig‘ilish qatnashchilari BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining qoldiqlar xavfsizligi bo‘yicha tavsiyasini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, Qozog‘iston va Tojikistonda idoralar aro ishchi guruhlar yaratish tajribasini o‘rgandi. BMT YeIK O‘zbekistonni Shveysariya Atrof-muhit bo‘yicha federal idorasi moliyaviy ko‘magi orqali jamoa tuzish, joylarda trening tashkil etish va submintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda qo‘llab-quvvatlamoqda. Ishchi guruh sanoat xavfsizligi, suv resurslari uchun mas’ul organlar, shuningdek, xususiy sektor, ilmiy doira va nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida muvofiqlashtirish va hamkorlik qilish uchun platforma vazifasini o‘taydi.
Tabiiy resurslar vazirligi vakili Jahongir Tolipov mazkur guruh tog‘-kon sanoati sohasida milliy boshqaruvni kuchaytirishga yordam berishini qayd etdi. 2030 yilgacha mamlakatning ekologik maqsadlariga erishishga hissa qo‘shishini, BMT Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi sanoat tizimiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Hozircha O‘zbekiston “Baxtsiz hodisalar” konvensiyasiga a’zo emas, biroq 2005 yildan buyon konvensiya doirasidagi yordam va hamkorlik dasturidan ko‘mak olmoqda. Shu bilan birga davlatimiz 2007 yildan beri Suv konvensiyasi a’zosi hisoblanadi. Ikkala konvensiya ham mamlakatda suv tasodifiy ifloslanishining oldini olishga ko‘maklashadi.
G.Sattorova tayyorladi.