FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasida jahon chempionatining sakkizinchi kunida bokschimiz Oybek Jo‘rayev musobaqadagi ilk bellashuvini o‘tkazdi. -54 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan sportchimiz birinchi bosqichda serbiyalik Tamir Galanov ustidan g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Bokschilarimizdan yana bir chiroyli g‘alaba. O‘zining birinchi jangida barchada yorqin taassurot qoldirgan hamyurtimiz Lazizbek Mullojonov navbatdagi raqibidan ustun keldi. -92 kg vazn toifasida qatnashayotgan Lazizbek bu gal gruziyalik Giorgi Tchiladzeni muxlislar qatoriga kuzatib qo‘ydi.
Shodiyorjon Meliqo‘ziyev mag‘lubiyatga uchradi
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasida jahon chempionatidagi ikkinchi yo‘qotish. -48 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Shodiyorjon Meliqo‘ziyev qozog‘istonlik Sanjar Tashkenbayga imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashdi.
Mujibillo Tursunov chorak finalda
O‘zining ajoyib harakatlari bilan -60 kg vazn toifasidagi janglarni «yondirayotgan» Mujibillo Tursunov uchinchi jangni ham muvaffaqiyatli yakunladi. Marokashlik Muhamed Hamutga qarshi ringga ko‘tarilgan yurtdoshimiz ushbu g‘alabasi bilan chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shohjahon Abdullayev ham chorak final yo‘llanmasini hal qildi
Andijon boksining yangi nihollaridan biri Shohjahon Abdullayev (-86 kg) yana bir bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Qozog‘istonlik Sagindik Togambayga qarshi bahs olib borgan yurtdoshimiz o‘zining aniq va kuchli zarbalari bilan raqibini ojiz qoldirib, chorak final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Jahon chempionati bahslari davom etmoqda.
O‘zA fotomuxbiri Muhammad AMIN olgan suratlar.