Hindistonning Alleppi shahrida joriy yilning 1-6 may kunlari sportning pauerlifting turi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.
E’tiborlisi, ushbu nufuzli chempionatda mamlakatimiz terma jamoasi safida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati sportchilari ham ishtirok etib, salmoqli natijalarni qayd etdi.
Jumladan, OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi jismoniy tarbiya-sport bo‘limi murabbiysi Aleksandr Romanenko shogidlaridan Konstantin Xardin 93 kilogramm vazn toifasida 1-o‘rinni egallab, Osiyo chempioni bo‘ldi. Yana bir vakilimiz Kemran Shirinov ham 74 kilogramm vazn toifasida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Kemran ham o‘z hisobiga Osiyo chempionligini yozib qo‘ydi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda 84 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Yelena Xardina ham Osiyo chempioni bo‘ldi. Yana bir muhim jihat ushbu sportchilar ko‘p yillardan buyon pauerlifting bilan shug‘ullanib kelish barobarida Mis eritish zavodida ham mehnat qilishadi. Ularning hisobida ko‘plab xalqaro yutuqlar borligini alohida ta’kidlash joiz. Shuningdek, olmaliqlik, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi Metin G‘afurov ham yoshlar o‘rtasida 105 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblaridan ustun kelgan holda Osiyo chempioni bo‘ldi. Osiyo chempionlari bugun poytaxtimizdagi aeroportda tantanali ravishda kutib olindi. Kombinat atletlari endilikda O‘zbekiston kubogi hamda Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishadi.
OKMK axborot xizmati
O‘zA