Nukus shahridagi Respublika o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida gandbol bo‘yicha erkaklar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Allanazarov, O‘zbekiston gandbol federatsiyasi bosh kotibi I.Matxaliqov, Nukus shahridagi Respublika o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi direktori D.Qalxorazov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda sportni, shu jumladan, gandbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Mamlakatimizda barcha sport turlari singari gandbol ham ommaviylashib, ushbu sport turi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarning safi tobora oshib borayotgani qayd etildi. Shuning natijasida, mamlakatimiz sportchilari xalqaro musobaqalarda ham sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Musobaqaning dastlabki kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati jamoalari g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston kubogi musobaqasi g‘olibi 11 may kuni aniqlanadi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA