Umr yo‘lini Vatan ravnaqi, el tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida safarbar etib, ona yurti oldida o‘z farzandlik burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lganlar xotirasi xalqimiz ongida mangu barhayot.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida xizmat qilgan Amangeldi Qodirov ham o‘z Vatani va kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib, mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash yo‘lida o‘z jonini qurbon qilgan haqiqiy vatanparvar farzandlardan biri edi. Qobiliyatli, mehnatsevar, halol va intizomli xodim, bojxona xizmati mayori Amangeldi Ustyurt tekisligida kontrabanda ashyolari va tovar-moddiy boyliklarining noqonuniy ravishda olib o‘tilishining oldini olish bo‘yicha olib borilgan tezkor tadbir davomida xizmat burchini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘ldi. Xalqimizni kontrafakt mahsulotlardan asrash, aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan sifati kafolatlanmagan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmagan tovar-moddiy boyliklarning yo‘lini to‘saman, deb o‘z jonini fido qildi.

“Ot o‘rnini toy bosar” deydi dono xalqimiz. Bugun uning 2 nafar  farzandi otasining izidan borib, bojxonachi kasbini tanlagan. Otasidan bosiqlik, vazminlik va mehnatsevarlikni meros qilib olgan Ulug‘bek Shamuratov “Dovud-ota” chegara bojxona postida xizmat qilmoqda. O‘zining intiluvchanligi, ota kasbiga nisbatan yoshligidan paydo bo‘lgan qiziqishi sabab, bojxona organlarida samarali mehnat qilib kelmoqda. Ikkinchi o‘g‘li Sardor bugungi kunda bojxona institutida tahsil olmoqda. Marhum otasi bilan yelkama-yelka xizmat qilgan safdoshlari, undan kasbning  sir-asrorlarini  o‘rgangan shogirdlari  uning  har  bir hatti-harakati, kuyunchakligi-yu ochiq ko‘ngilliligini kechagidek eslashadi.

Ona Vatani oldida ichgan harbiy qasamyodi qahramonimiz uchun har narsadan ustun edi.

Vatanparvarlik hissi yuksak, harbiylik burchiga sadoqati baland  bo‘lgan inson Amangeldi Qodirovning umr yo‘li  farzandlari, shogirdlari va yosh avlod vakillari uchun haqiqiy ibrat namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning porloq xotirasi hamisha qalblarda saqlanadi. Zero, yaxshilar yodi unutilmaydi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri