9 may – Xotira va qadrlash kuni

U endi o‘n sakkizga kirgan edi. Toshkentning Achaobod mahallasidan to‘g‘ri Smolensk shahriga urushga ketdi.

O‘shanda 1942 yilning fevrali edi. Keyinchalik Belarus, Polsha va Germaniyada tinchlik uchun kurashdi. Umrining har lahzasi xatarda bo‘ldi. Qachon uning vujudini lahzalik qo‘rquv egallasa, ko‘zlarini ohista yumar edi. Ko‘z o‘ngida hovlisi – tomorqasida yer ag‘darayotgan otasi, tandirdan non uzayotgan onasi gavdalanardi. Quloqlariga esa uka-singillarining shodon qiyqiriqlari eshitilib ketardi. Shundan so‘ng, soniyalik vahm hissi o‘rnini g‘ayrioddiy jasurlik egallardi. Shunday tahlikada umrining to‘rt yili o‘tdi. Nasibasi uzilmagan ekan, mahallasiga g‘alaba bilan qaytdi.

Urushdan keyin maktabda o‘qituvchilik qildi. Bolalarga nemis va ingliz tili fanidan saboq beradi. Boshlang‘ich sinflarga mo‘ljallangan “Nemis tili” darsligining yaratilishida qatnashadi. Bu mehnatlar unutilmadi – u bir qator davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Poytaxtimizdagi “Chinobod Plaza” sog‘lomlashtirish majmuasining ikkinchi qavati. Asr bilan yuzlashgan Abbos ota Appanovning boshidan o‘tkazgan hayotiy hikoyasini tinglab o‘tiribman.

– Aytayotganlaringiz kinoga o‘xshaydiya, ota, deyman hayratimni yashira olmay.

– Shunday o‘ylayotganing, ertakday tushunayotganing sening baxting, bolam, – deydi otaxon ko‘zlarimga mehr bilan tikilib. – Bu musaffo osmon, dasturxondagi mana bu ne’matlar, hech bir xavotirsiz suhbatlashib o‘tirishlarimiz o‘z-o‘zidan bo‘lgan emas. O‘z-o‘zidan bo‘layotgani ham yo‘q. Ba’zan mana shu yumshoq o‘rindiqqa oyog‘imni uzatsam… Uhh… Uzatsam nam yoki loyqa suvga to‘lgan xandaqda dushman tarafga tikilib yotganlarim xayolimga keladi. Urushda qancha quroldosh do‘stlarimdan ayrildim. Bugun bizga o‘xshaganlar e’zozda, o‘sha do‘stlarimning xotirasi esa xalqimizning yodida.

Otaxon chuqur xo‘rsinadi. Oraga noqulay sukut cho‘kadi. Xonaga hokimiyatdan vakil kirib, noqulaylikni “yumshatadi”. U bu yerga yaqin orada Prezident kelishini, xonani biroz tartibga keltirib qo‘ysak yaxshi bo‘lishini aytib ketadi. Otaxon bilan yana ko‘rishishni va’da qilib, xayrlashamiz.

Mamlakatimizning barcha hududlarida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan turli tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari rag‘batlantirilmoqda. Ularning salomatliklarini mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni Toshkent shahridagi “Chinobod Plaza” sanatoriysiga borib, urush qatnashchilari holidan xabar oldi.

Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu bo‘yicha Prezident farmoni imzolanib, Ikkinchi jahon urush qatnashchilari va nogironlarining har biriga o‘n sakkiz million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berish belgilandi.

– Otam o‘zlariga bo‘layotgan g‘amxo‘rlikni hamisha his qilib, undan quvvat olib turadi, – deydi piskentlik Ashir otaning o‘g‘li Erali O‘sarov. – Mana shu sanatoriyda uch-to‘rt kundan buyon salomatligini mustahkamlayapti, zarur muolajalarni olayapti. Nima yordam deb, hokimiyatdan, turli tashkilot va idoralardan so‘rab kelishadi. Davlat rahbari bilan bugungi uchrashuv kutilmagan bo‘ldi. Prezident urush faxriylariga sizlarni ko‘ray, bayram bilan tabriklay deb keldim, dedilar. Bu sizlarning bayramingiz, o‘sha paytlardagi jasorat va matonatingiz tufayli keyingi avlodlar erkin yashadi deganlarida g‘ururlanib ketdim. Suhbatdan keyin otamning bardamligini aytmaysizmi?

Urush faxriylari davlatimiz rahbariga o‘zlari uchun yurtimizda yaratilgan sharoitlar va e’tibor uchun minnatdorlik bildirishdi. Sog‘lomlashtirish majmuasida salomatliklarini mustahkamlash uchun barcha sharoit yaratib berilganini ta’kidlashdi.

Darhaqiqat, shu o‘rinda mamlakatimizdagi nufuzli sog‘lomlashtirish majmualaridan biri bo‘lgan “Chinobod Plaza” sanatoriysi haqida qisqacha ma’lumot beramiz.

Ushbu muassasa 2020 yil foydalanishga topshirilgan. Tibbiyot markazi hududida beshta davolash bloki va bitta mehmonxona mavjud. Bu 144 statsionar o‘rin, oylik 432 ta qatnovni qabul qilish quvvati degani.

Bu yerga Germaniya, Italiya hamda Rossiya davlatlaridan zamonaviy uskuna va jihozlar keltirilgan. Markazda yiliga 4 ming 500 nafar ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari, urologik va ginekologik, nevrologik, endokrinologik, shu jumladan, qandli diabetga chalingan bemorni sog‘lomlashtirish imkoni mavjud.

Uchrashuvda hayotda ko‘p sinovlarni ko‘rgan, qariyb bir asrlik hayot tajribasiga ega bo‘lgan bu insonlarning duolari ijobat bo‘lishi ta’kidlandi. Nuroniylar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish bundan buyon ham katta e’tiborda bo‘lishi qayd etildi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri