Iqtisodiy notinchlik, Ukrainadagi voqealar oziq-ovqat narxini oshirib yubordi va global inqirozni chuqurlashtirdi. 2022 yil dunyo bo‘ylab 258 million kishi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekdi. Bu raqam o‘tgan yilga nisbatan 65 million ko‘p.

Bu haqda BMT, Yevropa Ittifoqi, hukumat va nodavlat tashkilotlarini o‘z ichiga olgan oziq-ovqat inqiroziga qarshi global tarmoq hisobotida aytilgan.

Hisobotga ko‘ra, oziq-ovqat yordamiga o‘ta muhtojlar soni, ketma-ket to‘rtinchi yildirki, ortmoqda. 2022 yil ko‘rsatkichi so‘nggi yetti yildagi rekorddir. Hujjat mualliflari bunday keskin o‘sish qisman vaziyat tahlil qilingan hududda aholi soni o‘sishi bilan izohlanishini tan olishadi. Bu statistik xususiyat hisobga olinsa ham umumiy tendensiya xavotirli – to‘yib ovqatlanmaydiganlar soni ortib boryapti.

— Bugun chorak milliarddan ziyod odam o‘ta ochlikdan aziyat chekmoqda, ba’zilar ochlikdan o‘lish xavfi ostida qolgan”, — deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hisobotga so‘z boshida. — Bu holatni tasavvur qilish juda og‘ir. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaziyat insoniyatning ochlikka barham berish, sayyoramiz aholisi oziqlanishini yaxshilash maqsadi ko‘zlangan ikkinchi Barqaror rivojlanish maqsadiga erishishni shubha ostida qo‘yyadi.

2022 yil dunyoning yetti mamlakati, ayniqsa, Somalida aholining bir qismi ochlik xavfiga duch keldi. O‘ta muhtoj 38 million aholining yarmi to‘rt davlat – Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Sudan va Yamanda yashaydi.

35 milliondan ko‘proq besh yoshgacha bola to‘yib ovqatlanmaslik yoki o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. Ularning 9,2 millioni og‘ir kasal yoki o‘lim xavfi soyasida.

Hisobot mualliflari inqiroz chuqurlashishiga yordam beruvchi asosiy omil sifatida mojaro, ekstremal ob-havo hodisalarini ko‘rsatadi. Vaziyatga, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi amaliyot oqibati ham sezilarli darajada ta’sir etgan. Bu 2022 yil boshida oziq-ovqat narxi oshishiga olib keldi.

Keyinchalik Qora dengiz don tashabbusi va boshqa chora-tadbirlar narxni barqarorlashtirishga qisman yordam berdi. Afsuski, importga qaram kambag‘al mamlakatlar hamon Ukrainadagi urush oqibatini his qilmoqda.

Afrikadagi qurg‘oqchilik, Pokistondagi halokatli suv toshqini, Afrika janubidagi tropik bo‘ron, siklon va qurg‘oqchilik oziq-ovqat inqirozini kuchaytirgan ekstremal ob-havo hodisalaridir.

Ekspertlar xalqaro hamjamiyatni salbiy oqibatni bartaraf etishga bor kuch-g‘ayratni sarflash, sayyoramizdagi ochlik bilan bog‘liq vaziyatni yanada kuchaytirayotgan yetakchi omillarga qarshi kurashishga e’tiborni kuchaytirishga chaqirmoqda. Bunday yondashuv, ma’ruza mualliflari ta’kidlaganidek, innovatsion yechimlar topish, xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, xususiy sektor, mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillari va aholi sa’y-harakatini muvofiqlashtirish takomillashtirilishini nazarda tutadi.

Mutaxassislar ogohlantirishicha, mojaro, iqtisodiy zarba va ekstremal ob-havo hodisasi oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etayotgan o‘zaro bog‘liq muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ayni vaziyat 2023 yil keskin o‘zgarishiga hali hech qanday asos yo‘q. Hisobot mualliflari olti mamlakatda, xususan, Somalida och qolganlar soni yanada ortishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Go‘zal Sattorova, O‘zA