Nukus shahridagi “Gone qala” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari uchun yangi uy foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev ishtirok etib, milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasining 30 nafar xodimiga yangi xonadonlar kalitini topshirdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, harbiy shaharchalarni obodonlashtirish, zamonaviy infratuzilmani takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz mudofaa qudratini oshirish, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligi, aholining farovon hayotini ta’minlashda harbiy xizmatchilarning xizmati beqiyosdir. Osoyishtalik posbonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli ipoteka krediti asosida qurib bitkazilgan ko‘p qavatli uy-joyning boshlang‘ich badali davlat tomonidan to‘lab berilishi ushbu e’tiborning yana bir namunasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori asosida 7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va shuning hisobidan 5 qavatli, 30 xonadonli uy-joy qurib bitkazildi. Har biri 2, 3 va 4 xonali uylarda Milliy gvardiya xodimlarining oila a’zolari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Tadbir ishtirokchilari yangi uyda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA