Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ota-onalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Filial direktori Adilbay Yesimbetov ochiq muloqot davomida o‘quv yurtida olib borilayotgan ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba yoshlarning sifatli bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shu kunga qadar erishilgan yutuqlar va unda talabalarning hissasi katta ekanligi alohida e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda oliy ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilib, yoshlarning har tomonlama zamonaviy ta’lim olishiga eng muhim masala sifatida qaralayotganligi, filial rahbariyati va professor o‘qituvchilari talabalarga yetuk bilim berish uchun bor imkoniyatlarini safarbar etayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, ularning ma’naviyatini yanada yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, tadbirlarda faol ishtirok etishi uchun barcha qulay sharoitlar yaratib berilayotganligi xususida so‘z yuritildi. Sportni rivojlantirish va iqtidorli talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, buning ijobiy samarasi o‘laroq, yutuqlarga erishib kelayotgan talabalar haqida ma’lumot berildi. Ota-onalarni bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida videorolik namoyish etildi.
Uchrashuvda ustozlari tomonidan berilgan bilimlarni yaxshi o‘zlashtirib, a’lo baholarga o‘qiyotgan, ko‘rik-tanlovlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib, ijobiy yutuqlarga erishib kelayotgan talaba yoshlarning ota-onalariga rahbariyat tomonidan tashakkurnomalar topshirildi. O‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘la oladigan komil farzandlarni tarbiyalagani uchun ularga alohida minnatdorchilik izhor etildi. Shuningdek, xalqaro miqyosidagi turli tanlovlarda yutuqlarga erishgan talabalarga esdalik nishonlari, guvohnomalar hamda diplomlar topshirildi. Bu esa, o‘z o‘rnida, ularning ota-onalariga quvonch bag‘ishladi.
Jami 600 nafarga yaqin ota-ona tashrif buyurgan uchrashuvda atroflicha fikr almashildi, ularning ham taklif va mulohazalari tinglandi. Ota-onalar farzandlarining yaxshi ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanligini bildirdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA