O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi jamoasi To‘rtko‘l tuman hokimligi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, tuman Mudofaa ishlari bo‘limi vakillari bilan hamkorlikda ushbu tumanda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 99 yoshni qarshi olgan Ivan Fedotovich Galenko xonadoniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi Q.Razbekov va boshqalar, urush va mehnat faxriysini yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi Jahon urushida erishilgan g‘alabaning 78 yilligi bilan qutladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 maydagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” gi farmoni asosida mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlashga, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biri 18 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda.
Uchrashuv davomida otaxon Vatan ozodligi uchun kechgan janglar, urushdan keyingi qizg‘in mehnat faoliyati to‘g‘risida gapirib berdi. Bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga sovg‘alar topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri