Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Referendum – 2023” siyosiy tadbiri munosabati bilan voleybol bo‘yicha “Direktor kubogi” musobaqasi tashkil etildi.

Musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish,  ularni barkamol avlod qilib shakllantirish hamda bo‘sh vaqtlarini maqsadli tashkil etishga  alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Mazkur filialda ham bu borada samarali ishlar amalga oshirilib, ushbu sport sohasida yutuqlarga erishayotgan talabalar safi kengayib  borayotganligi  qayd  etildi. Jumladan,  joriy  yilning 12-16 aprel kunlari Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahrida  o‘zbek  jang san’ati  bo‘yicha  bo‘lib  o‘tgan  Jahon kubogi musobaqasida 2-bosqich talabasi K.Serimbetova  ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medal sohibasiga aylandi.

“Direktor kubogi” musobaqasining umumiy natijasiga ko‘ra,  faxrli  birinchi  o‘rinni  Veterinariya  meditsinasi  yo‘nalishining   1-bosqich 101-guruh talabalari egalladi.  Ikkinchi o‘rinni Veterinariya meditsinasi yo‘nalishining 3-bosqich 303-guruh talabalari egallagan bo‘lsa, shu yo‘nalishning  3-bosqich 304-guruh talabalari uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘ldi.

Sovrinli o‘rin egalari diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. G‘olib jamoaga “Direktor kubogi” tantanali ravishda topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri