Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholiga sifatli ichimlik suvini yetkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni to‘g‘ri tashkil etish maqsadida “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli suv inshootlariga press tur tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida respublika hududlarini obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, mazkur qaror ijrosi doirasida loyiha qiymati 100,4 milliard so‘mlik mablag‘ hisobidan 69 ta loyihada 342,6 kilometr ichimlik suv tarmog‘i va 17 ta suv inshootida qurilish hamda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, loyiha doirasida 5473 ta xonadon ichimlik suvi tarmog‘iga ulanib, suv hisoblagichlar bepul o‘rnatilmoqda. bugungi kun holatiga 51,8 milliard so‘mlik ish bajarildi.
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, hududlarda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishini jadallashtirish maqsadida Kegeyli, Qorao‘zak va Qonliko‘l tumanlarida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida uzunligi 10,73 kilometr ichimlik, oqova suv tarmog‘i va 3 dona oqova suv tozalash inshootini yangidan qurish ishlari olib borilmoqda.
Press tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar joylarga chiqqan holda, olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishtirildi. Xususan, 2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi asosida Nukus shahridagi Nukus suv tozalash inshootida umumiy qiymati 74,9 milliard so‘m bo‘lgan kurilish rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Asosan, Nukus shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniga ega mazkur suv tozalash inshooti oldin sutkasiga 65 ming metr kub suv yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lgan bo‘lsa, qurilish ishlari yakuni bilan ushbu ko‘rsatkich 95 ming metr kubga yetkaziladi. Demak, aholi soni kun sayin ortib borayotgan Nukus shahri aholisiga suv yetkazib berish imkoniyati yanada kengayadi va bu, albatta, suvning sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ichimlik suvi aholiga yetib borguncha uch bosqichda tozalanadi. Dastlab tindiriladi, filtrlanadi va so‘ng zararsizlantiriladi. Ushbu ishlar “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati kimyoviy bakteriologik laboratoriyasida amalga oshiriladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mana shunday laboratoriyalar respublikaning barcha tumanlarida mavjud bo‘lib, suvning sifatini yaxshilash uchun xizmat ko‘rsatmoqda.
Shundan so‘ng, press-tur ishtirokchilari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari tomonidan ichimlik suvining sifatini yaxshilash, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, oqova suv tarmoqlarini yangilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, sohada olib borilayotgan ishlar natijasida joriy yil oxiriga kadar Orolbo‘yi aholisining 74,3 foizini markazlashtirilgan ichimlik suv tarmog‘i bilan qamrab olish nazarda tutilgan. Shuningdek, oqova suv tarmoqlarini yangilash borasida ham qator ishlarning olib borilishi rejalashtirilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA