I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyida saqlanayotgan asarlar orasidan Ikkinchi jahon urushi mavzusi ham keng o‘rin olgan.
“Jangovar birodarlik qo‘shig‘i”, “G‘alaba”, “Yutuq” va shu kabi bir qator rangtasvir ishlari shular jumlasidandir. “Do‘stlik” ordeni sohibi, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi Bazarbay Serekeyevning (1942-2017) “Uyga qaytish” nomli kartinasi, ayniqsa, mazmun jihatidan juda ta’sirli. Rassom Ikkinchi jahon urushi yillaridan qaytmagan otalar xotirasiga bag‘ishlab mazkur asarni yaratadi.
Geosiyosiy o‘yinlarning qurboniga aylangan necha-necha azamatlarning qanchadan-qancha farzandlari taqdiriga yetimlik tamg‘asi bosildi. Bolalar otalarini kutib yashashdek qismatga mahkum etildi. Ovul bolalari suhbatlashib o‘tirisharkan, otalarining bir kun albatta qaytishi mumkinligi haqida sirlashib, baland tepaliklarga chiqib, yo‘l poylagan bo‘lardilar.
“Uyga qaytish” da rassom o‘tmish bolalarining armonlarini rangin bo‘yoqlarda ro‘yobga chiqaradi. Otani uyga qaytaradi. Ota quchog‘ida o‘tirgan bolakaylar xursand, biri otasining ko‘ksidagi medalga hayron boqadi, biri esa qo‘lida qand, yuzida samimiy tabassum. Urush yillari va urushdan keyingi yillarda bolalar ham kattalar kabi juda og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazishgan. Ocharchilik yillari ne-ne begunoh bolalarni bu yorug‘ olamdan olib ketgandi. E’tibor qaratsangiz, dasturxon ustida patir, zog‘ora non va qand bor. Bular urush yillarida kamyob topiladigan mahsulotlar edi.
Rassom kelajakka o‘tmishsiz qaray olmasligini mazkur kartinada isbotladi.
Shohista ABDURAHMONOVA,
san’atshunos .
O‘zA