Huquqiy munosabat
Qaysi hollarda yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish mumkin?
– “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunning 20-1-moddasiga asosan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma yo‘l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz tuziladi, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov – Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslardan bittasi mavjud bo‘lmagan taqdirda, tuzilgan yo‘l-transport hodisasi haqidagi xabarnoma haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Hodisa to‘g‘risidagi xabarnoma haqiqiy emas, deb topilgan taqdirda yoxud sug‘urtalovchi tomonidan ishni ko‘rib chiqish jarayonida aybdor taraf o‘zgargani fakti aniqlangan taqdirda sug‘urtalovchi yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani va unga ilova qilingan hujjatlarni, shuningdek, ko‘rik yoki mustaqil ekspertiza natijalarini aybdor taraf o‘zgarganligi fakti aniqlangan hollarda o‘sha kunning o‘zida ichki ishlar organlariga yuboradi.
Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani ko‘rib chiqish chog‘ida aybdor taraf o‘zgargani fakti aniqlanishi va boshqa tarafning aybini tasdiqlovchi materiallar yoki videoyozuvlar yoxud ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan ko‘rik va mustaqil ekspertiza natijalari bo‘lmaganda sug‘urtalovchining yig‘ilgan hujjatlarni ichki ishlar organlariga yuborishi sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lashni asossiz rad etgan deb baholanadi.
–Transport vositalari egalari va sug‘urtalovchilar yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani tuzish chog‘ida qanday harakatlarni amalga oshirishlari kerak?
– Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganidan keyin hodisa ishtirokchisi bo‘lgan haydovchilar tomonidan darhol joyning o‘zida va ikki nusxada tuziladi. Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma haydovchilarning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilgan sug‘urtalovchilarga quyidagi materiallar va hujjatlar ilova qilingan holda uch ish kuni ichida yuboriladi.
Jumladan, yo‘l-transport hodisasi joyi, transport vositalarining fotosurati va videoyozuvi, transport vositalarining shikastlangan qismlarining fotosurati, haydovchilarning sug‘urta hodisasini to‘g‘ridan to‘g‘ri hal etish to‘g‘risidagi arizalari, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joydagi yoki unga yaqin joydagi narkologik dispanserda yoxud sog‘liqni saqlash organlari tomonidan belgilangan tuman va shahar davolash-profilaktika muassasasida yo‘l-transport hodisasi haqida xabarnoma tuzilgan paytdan e’tiboran to‘rt soat ichida haydovchilarning mastlik holatini aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruv o‘tkazilgani to‘g‘risida bayonnoma yuborilishi lozim.
Shuningdek, yo‘l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilarning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqidagi hujjatlar va sug‘urta polisining ko‘chirma nusxalari beriladi. Haydovchilarning mastlik holatini tekshiruvdan o‘tkazish qiymati sug‘urtalovchi tomonidan majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan zarar tarkibiga kiritiladi.
Transport vositalari egalari yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan transport vositalarini ko‘rikdan va (yoki) mustaqil ekspertizadan o‘tkazish uchun so‘rov olingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida sug‘urtalovchining so‘roviga ko‘ra taqdim etishi shart. Transport vositalarining egalari transport vositalarini sug‘urtalovchining yozma roziligisiz yoki sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risida yoxud uni to‘lashni rad etish haqida qaror qabul qiladigan kunga qadar ta’mirlashga yoki utilizatsiya qilishga haqli emas.
Sug‘urtalovchi yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma tegishli materiallar va hujjatlar ilova qilingan holda taqdim etilgan kundan e’tiboran o‘n besh kalendar kun ichida sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risida yoki uni to‘lashni rad etish haqida qaror qabul qiladi. Transport vositalarini ko‘zdan kechirish, mustaqil ekspertizani hamda o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan zararning miqdorini belgilash uchun baholashni tashkil etish belgilangan muddatda sug‘urtalovchi tomonidan amalga oshiriladi.
Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani tuzish asoslari va tartibi esa Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 24 iyundagi qaroriga asosan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalari bilan belgilanadi.
O‘zA muxbiri
Gulnoza Boboyeva
yozib oldi.