Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talaba-yoshlari tomonidan Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida qoraqalpoq adabiyoti rivojiga hissa qo‘shgan Berdaq, Ajiniyoz, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupovlarning hayot yo‘li hamda ijodiy namunalaridan tayyorlangan “Sahro bulbullari nomini olgan adiblar” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda talaba va o‘quvchilarning ma’naviy rivojlanishiga ko‘maklashish markazi vakillari hamda bir qator yozuvchi shoirlar ishtirok etdi. Dastlab ishtirokchilar adiblar haykallari poyiga gullar qo‘ydi. Shundan so‘ng yig‘ilganlar e’tiboriga “Sahro bulbullari nomini olgan adiblar” deb nomlangan konsert dasturi havola etildi.

Tadbirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha prorektori S.Alauatdinov so‘zga chiqib, qoraqalpoq klassik adabiyotining asoschilari Berdaq, Ajiniyoz, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupovlarning ijod yo‘li, bebaho adabiy meroslari, ularning adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan hissalari haqida ma’lumot berdi.

–Bunday dasturni tashkil qilishdan asosiy maqsad, kelajak avlodni Ona vatanga muhabbat va sodiqlik ruhida tarbiyalash, qardosh xalqlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini rivojlantirishlan iborat, – deydi S.Alauatdinov.– Shuningdek, o‘sib kelayotgan yoshlarga buyuk adiblarimizning adabiy merosini tushuntirish, ularning ijodini aholi, ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida keng targ‘ib qilishdir.

Oliy o‘quv yurtining iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar va hunarmandchilik namunalari, rassomlar ko‘rgazmasi, “Hurliman” xalq ansambli tomonidan buyuk adiblarning hayot yo‘li va ijodiy ishlari bo‘yicha tayyorlangan musiqali sahna ko‘rinishlari tomoshabinlarga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri