Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev Litvaning “Uz-Euro Trade House”, “All Time Group” kompaniyalari va Yevropa bozorida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan savdo sohasi vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Muloqot chog‘ida viloyatda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib kirish, eksport geografiyasi va hajmini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Yangi hamkorlarni topish va ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, savdo kelishuvlariga erishish asosiy maqsadi ekanligini qayd etgan mehmonlar viloyat tadbirkorlarining Yevropa bozorlariga chiqishida kerak bo‘ladigan “Global gap” sertifikatlarni olishda ham ko‘maklashishini ta’kidladi.
O‘z navbatida viloyat hokimi tuman va shaharlarning investitsiyaviy salohiyati, eksport imkoniyatlari, logistika va ishbilarmonlik muhiti haqida atroflicha ma’lumot berdi. Uchrashuv davomida, shuningdek, xorijiy kompaniyalari vakillari hamda sirdaryolik ishbilarmonlar o‘rtasida “B2B” formatida muzokaralar o‘tkazildi.
Muhokama qilingan hamda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib olingan masalalar yuzasidan birgalikda ish tashkil etish belgilab olindi. Bu xususida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Sh. Suyarov,
Sh. Ortiqboyev,(surat) O‘zA