14 may kuni Toshkentda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi “Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida mazkur ommaviy yugurish musobaqasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

— “Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad aholi o‘rtasida yugurish va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, harbiy xizmatchilarning sport ruhini saqlash va do‘stona sport aloqalarini rivojlantirish, kuch ishlatuvchi tuzilmalar idoralarining vakillari orasidan eng kuchli jamoalarni aniqlashga qaratilgan, — deydi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi hakamlar hay’ati raisi Hasanboy Ortiqov.

Bu safargi ommaviy yugurish musobaqasi Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlanadi.

Harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi yildan-yilga kuch ishlatuvchi tuzilmalar va yugurish havaskorlari orasida katta obro‘ qozonmoqda. Alohida ta’kidlash joizki, ushbu sport tadbiri ilk marotaba 2000 ga yaqin ishtirokchini birlashtiradi. Ommaviy yugurish musobaqasining dasturi kengaytirildi. Ya’ni, unga 3 ta masofa kiritildi. Bular yarim marafon – 21,1 kilometr, chorak marafon – 10,5 kilometr va 3 kilometrga ommaviy yugurish musobaqasi.

Ommaviy yugurish musobaqalariga 07:00da start beriladi.

“Men g‘olib” kubogini qo‘lga kiritish uchun Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi vakillaridan iborat 7 ta jamoa hamda kuch ishlatuvchi tuzilmalar ta’lim muassasalarining 6 ta jamoasi kurash olib boradi.

Ishtirokchilar 14 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlanadi.

“Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasida qatnashish istagini bildirgan barcha yuguruvchilar 10 mayga qadar Iticket.uz saytida pullik ro‘yxatdan o‘tgan holda ariza topshirishlari mumkin.

 

N.Rahmonova,  

O‘zA