Bugun poytaxtimizdagi “Wyndham” mehmonxonasida “Kaspiy texnologik kun: Raqamli Ipak yo‘li, SLB 2023” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

“Schlumberger” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi davlatlarning “O‘zbekneftgaz”, “Kazmunaygaz”, “North Caspian Operating Company”, “Karachaganak Petroleum Operating” kabi 20 dan ortiq yetakchi kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.

Unda ishtirokchilar neft-gaz sohasini yanada takomillashtirish va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida tizimda raqamlashtirishni joriy qilish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdi. “O‘zbekneftgaz” AJ va “Schlumberger” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik natijalari asosida erishilgan ko‘rsatkichlar taqdim etildi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati konlarni ishlatish departamentining modellashtirish markazi boshlig‘i Ravshan G‘ulomovning ta’kidlashicha, ushbu markaz neft va gaz konlarini ishlatishda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishning yechimlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

– bugungi kunda markaz tomonidan O‘zbekiston neft va gaz sanoatining qariyb 120 yillik tarixi davomida to‘plangan ma’lumotlar raqamlashtirilib, Milliy ma’lumotlar bazasi ham yaratilgan. Ta’kidlash kerakki, markaz tashkil etilgandan boshlab 4 yil davomida 120 ta konning uch o‘lchamli raqamli geologik, 75 ta gidrodinamik, 40 ta gaz quvurining tarmoq modellari ishlab chiqildi. bugungi kunga kelib, biz integratsiyalashtirilgan modellashtirishning eng murakkab vazifalaridan birini bajarishga kirishdik, uning mohiyati neft va gaz konlarining yerosti va yerusti qismlarini birlashtirish va ularni tahlil qilishdan iborat. Sohada erishilgan yutuqlardan kelib chiqib, bugun o‘tkazilgan forumda ishtirokchilarni “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan gaz qazib olish hajmlarini ko‘paytirish, konlarni ishlash rejimlarini yaxshilash, yangi quduqlarni burg‘ulash uchun optimal joylarni topish va konlarni ishlatishning uzoq muddatli rejalarini ishlab chiqish ustida olib borilayotgan izlanishlar haqida taqdimot qildik, – dedi R.G‘ulomov.

Forumda “O‘zbekneftgaz” AJ konlarni ishlatish departamentining modellashtirish markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar taqdimotiga urg‘u berilar ekan, bu kabi modellashtirish markazlari “Saudi Aramco”, “ExxonMobil”, “BP”, “Shell” kabi jahonning ko‘plab yetakchi neft va gaz kompaniyalarida mavjudligi, ulardan ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni optimallashtirish, neft va gaz ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirishda alohida hissasi borligi qayd etildi.

“Schlumberger” eng yirik neft konlariga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniyaning asosiy operatsion markazlari Xyuston, Parij, London va Gaagada joylashgan.

Kompaniyaning Kaspiy mintaqasidagi raqamli texnologiyalar bo‘limi ijrochi direktori Dmitriy Kryuchkovning so‘ziga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ barcha yo‘nalishlarda raqamli ma’lumotlar bazasini yaratishga erishdi.

– Biz O‘zbekistonga 2019-2020 yillar davomida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirishga yordam berdik. Ayni damda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan to‘plangan ulkan axborot hajmini yangi sifatga aylantirish zarur edi. Ma’lumki, ma’lumotlar o‘z-o‘zidan ishlamaydi. Aksincha, ularni raqamli shaklda ma’lumotlar bazasiga joylash, ulardan xulosa va umumlashtirishda foydalanish muhimdir. Shu tariqa, “O‘zbekneftgaz” AJ barcha neft va gaz ma’lumotlarining raqamli ma’lumotlar bazasini yaratishga qaror qildi. Men ishlayotgan mamlakatlar orasida bu milliy ma’lumotlar bazasi yagona hisoblanadi. Hozir bunday loyihani bironta davlat amalga oshirmadi, lekin ular ham bu borada ish olib borayotir. Shu bois O‘zbekiston bu masalada yetakchilik qilmoqda, – dedi D.Kryuchkov.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri