AQSH Prezidenti Jo Baydenning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt ishlanmalari bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar zimmasida mahsulotlarini iste’molchilarga taklif etishdan avval ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “fundamental javobgarlik” turibdi.

Oq uy matbuot xabarnomasida keltirilishicha, Bayden vitse-prezident Kamala Xarris sun’iy intellekt yaratish bo‘yicha yetakchilik qilayotgan to‘rtta kompaniya vakillari bilan majlis o‘tkazayotganda ularning oldiga kirib shu gaplarini aytgan.

“Prezident va vitse-prezident uchrashuv ishtirokchilariga sun’iy intellektning shaxslar, jamiyat va milliy xavfsizlik uchun keltirishi mumkin bo‘lgan xavfini butunlay bartaraf etish lozimligini ta’kidlagan”, – deyiladi xabarda.

Oq uyning izoh berishicha, bu yerda gap nafaqat inson huquqlariga amal qilish va ularning shaxsiy hayotiga aralashmaslikni ta’minlash, balki ishchi o‘rinlarini saqlab qolish haqida ham bormoqda.

AQSH ma’muriyati mazkur kompaniyalar ishlanmalarining o‘ziga xosligi bo‘yicha ko‘proq ochiq bo‘lishga, ularning xavfsizligi va samarasini tekshirish uchun hamda chetki aralashuvlardan himoyasini ta’minlash uchun sharoit yaratishga chaqirgan.

Uchrashuvda OpenAI, Anthropic, Microsoft va Alphabet kompaniyalari vakillari ishtirok etdi, deyiladi xabarda.