Bilamizki, ko‘chmas mulk, yer bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarda korrupsion xavfning oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha butun dunyoda ko‘plab harakatlar amalga oshirib kelinadi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tashkil etilgan va ular tomonidan dasturlar, standartlar ishlab chiqilgan.

Yurtimizda ham bu borada keng ko‘lamli islohotlar qilinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida Kadastr agentligi tizimida ilk marotaba Korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmasi tashkil etildi.

E’tiborli tomoni shundaki, ushbu yo‘nalish hodimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarga bo‘ysunishi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda ishlashi belgilandi.

“Cert international” tashkiloti tomonidan 2022 yilning 7 dekabr hamda 6-8 aprel kunlari ISO 37001:2016 xalqaro standarti bo‘yicha auditorlik tekshiruvi o‘tkazildi. Tekshiruv natijasiga muvofiq Kadastr agentligi markaziy apparati ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga loyiq, deb topildi. Ushbu sertifikat bugun “CERT Academy Group” xalqaro trening kompaniyasi rahbari Marat Xabibulin tomonidan topshirildi.

M.Qosimova, O‘zA