Poytaxtimizda “Nurli diagnostika: murakkab muammolarning oddiy yechimlari” mavzuida I xalqaro radiologiya sammiti ish boshladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Anjumanda dunyoning 15 davlatidan kelgan 300 dan ziyod radiologiya va yadro tibbiyoti sohasidagi mutaxassislar, shuningdek radiologik jihozlar va iste’mol materiallari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi o‘n yil ichida yurtimizda tibbiyot muassasalarini ilg‘or radiologik uskunalar bilan jihozlashga alohida ahamiyat berildi. Respublika va viloyat darajasidagi muassasalar, shuningdek tuman shifoxonalari va poliklinikalar rentgen-radiologik asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Qolaversa, xususiy sektorning bir qator soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi tibbiy radiologiya va raqamli rentgen yo‘nalishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Chunki ayni paytda yurtimizda ushbu tarmoqdagi xizmatlarning 50 foizdan ko‘prog‘i nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

Konferensiyada Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov so‘zga chiqib, kelgusida bu yo‘nalishda rejalashtirilayotgan islohotlar va soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan ayrim omillar haqida so‘z yuritdi.

– Raqamli rentgen, ultratovush, kompyuter va magnitli rezonans tomografiyasi, angiografiya, radioterapiya kabi uskunalardan barcha hududlarda keng foydalanilishi rentgenolog-radiolog mutaxassislarning nufuzi ortishiga va ushbu yo‘nalishga yosh shifokorlarning kirib kelishiga turtki bo‘lmoqda, – dedi vazir. – Shu bilan birga, rentgen va radiologiya bo‘limlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifati yetarli emasligi, yuqori texnologiyali tibbiy jihozlar imkoniyatlaridan to‘la foydalanmaslik, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini joriy etishda ortda qolish kabi holatlar kuzatilayotgani ham ayni haqiqat.

Sohada kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash maqsadida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bakalavr, magistratura va klinik ordinaturada tibbiy radiologlar tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlari va akademik almashinuvlar orqali intervension kardiologiya, rentgen-endovaskulyar xirurgiya kabi tor ixtisosliklar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Shuningdek, anjumanda Milliy teleradiologiya markazi va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Radiologiya va yadro tibbiyoti markazini tashkil etish borasidagi takliflar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ma’lum qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston radiologlar jamiyati tomonidan tashkil etilgan konferensiyada radiologiyaning turli yo‘nalishlariga oid yuzdan ortiq mavzularda tahliliy taqdimotlar o‘tkaziladi. Konferensiya ishi 6 mayga qadar davom etadi.

M.Qosimova, O‘zA