Joriy yilning 2 may kuni Toshkent mahalliy aviaqatnovlar terminalida bir ayol Toshkentdan Termizga uchish uchun ro‘yxatdan o‘tishga harakat qilgan. Biroq aviachipta o‘rniga u parvoz bron qilinganligi to‘g‘risidagi qog‘ozni ko‘rsatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu “chipta”ni shahar aviakassasalaridan birida xarid qilgan.
Aviakassaga qo‘ng‘iroq qilinganidan so‘ng, uning pullari qaytarib berildi va yo‘lovchi aeroport kassasidan chipta xarid qilib, Termizga uchib ketdi.
«Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati o‘z telegramm kanalida bu «Silk Avia» aksiyadorlik jamiyati tomonidan so‘nggi bir necha kun ichida aviachiptalarni sotishda qayd etilayotgan ikkinchi firibgarlik holati ekanini ma’lum qildi. Shu bois, «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati «Silk Avia» hududiy aviakompaniyasi qatnovlari uchun chiptalarni faqat aeroport kassalarida yoki kompaniyaning rasmiy sayti orqali xarid qilish mumkinligini eslatib o‘tadi. Chiptalarni onlayn tarzda xarid qilayotganda shaxsiy ma’lumotlar va bog‘lanish uchun raqamlarning aniq va to‘g‘riligiga ishonch hosil qilish lozim.
«Silk Avia» ilk ko‘rgazmali parvozini 24 aprel kuni amalga oshirdi. Shundan keyin oltita yo‘nalish bo‘yicha chiptalarni sotish boshlandi. Dastlabki bosqichda parvozlar poytaxtni Termiz, Navoiy, Namangan, Qarshi, Buxoro, Samarqand va Urganch bilan bog‘laydi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA