Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari qanday ijro etilmoqda?

Prezident farmoni bilan tashkil etilgan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha Respublika kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida shu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar tahlil qilindi.

Video-konferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda kengash a’zolari, Bosh prokuratura, Majburiy ijro byurosi, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, shuningdek, hududiy kengashlar raislari va a’zolari hamda prokuratura va boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshqargan yig‘ilishda sud hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida ayrim jiddiy muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, kompensatsiya pullari to‘lanishi bilan bog‘liq mavjud muammolar keskin tanqid ostiga olindi.

Dolzarb masalalardan biri bo‘lgan aliment undiruvlari, kommunal sohadagi qarzdorliklar va boshqa yo‘nalishlardagi hujjatlar ijrosiga to‘xtalib o‘tildi.

Bu borada Kengash a’zolari, hokimliklar, Byuro hamda boshqa mutasaddilarning tushuntirish va izohlari eshitildi.

Fuqarolar va tadbirkorlar foydasiga kompensatsiya to‘lovlarini undirish, ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aliment undiruvlarini jadallashtirish, elektron hamkorlik tizimini yanada takomillashtirish va bir qator muhim masalalar bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.

Tadbir yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinib, ijroga qaratildi.

N.Abduraimova, O‘zA