FOTOREPORTAJ

Toshkentda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yevropa Ittifoqi hamda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “O‘zbekiston professional ta’lim tizimida sifatni ta’minlash va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirda 20 dan ortiq vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilot va loyihalar vakillari, Germaniya, Shveysariya, Fransiya, Avstraliya kabi davlatlarning ta’lim sifati sohasidagi ekspertlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining  2023 yil 28 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 150-bandida “Yevropa kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash (EQAVET) tizimi talablariga to‘liq javob beradigan namunaviy professional ta’lim muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish” vazifasi belgilangan.

bugungi xalqaro anjumanda EQAVETni professional ta’lim tizimiga joriy etish imkoniyatlari, bu yo‘nalishda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalar hamda mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or xorijiy tajribalar bo‘yicha xalqaro va mahalliy ekspertlarning taqdimotlari o‘tkazildi.

Konferensiyada ishtirokchilar bir nechta xalqaro modellarni joriy etish orqali taklif etilayotgan sifatni kafolatlash siyosatiga alohida e’tibor qaratgan holda barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida xalqaro amaliyotga asoslangan sifatni ta’minlash siyosatining roli haqida umumiy tushunchaga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan “Professional ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasi muhokama etildi.

Kamola YUSUPOVA,

Davron ERNAZAROV (surat) O‘zA