Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratovning qayd etishicha, joriy yilda xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan kamayishi kutilmoqda.

– O‘tgan 4 oyda ajratilgan 74 trillion so‘mlik kreditlarning asosiy qismi chakana kreditlar hisobiga to‘g‘ri keladi, – dedi M.Nurmuratov. Imtiyozli kreditlarning kredit qo‘yilmalaridagi ulushi 37 foizdan 34 foizgacha pasaygan. Kreditlarning o‘sishi bazaviy ssenariydan tezroq yuz bermoqda. Yangilangan prognozlarga ko‘ra, YAIM o‘sishi bazaviy ssenariylardan 0,5-1,0 foiz yuqoriroq bo‘ladi. Inflyatsiya prognozlari 8,5 -9,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoladi. Rossiya rublining qadrsizlanishi turli kanallar, xususan, pul o‘tkazmalari orqali ta’sir o‘tkazadi. Xalqaro pul o‘tkazmalarining 82 foiz atrofidagi qismi Rossiya yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi. Shuni ham aytish joiz, odamlar ishonchini qozonibgina dollarlashuv darajasini pasaytiramiz.

Shuningdek, matbuot anjumanida R2R o‘tkazmalari bo‘yicha bank siriga oid ma’lumotlarning soliq organlari nazoratiga o‘tishi bo‘yicha Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘zining salbiy qarashlarini yetkazgani, bu bo‘yicha Markaziy bank pozitsiyasi OAVlarda yangrayotgan fikrlardan ko‘ra qat’iyroq ekanligi ta’kidlandi.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, “Aloqabank” binolarining “Black Gold Industry News” kompaniyasiga bankning uzoq muddatli imtiyozli kreditlari ajratilishi (15 yil muddatga, 14 foiz stavkasida 390 mlrd.so‘m) hisobidan sotilishi bo‘yicha bitim bekor qilingan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA