Mamlakatimizning barcha hududlarida xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali aholiga qulaylik yaratish, tadbirkorlarning bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda aholi bandligiga erishish maqsadida kredit va subsidiya mablag‘larini ajratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2022 yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish borasida belgilangan istiqbolli rejalar va maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosi yuzasidan bir qancha chora-tadbirlar hamda amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish uchun 23,8 trillion so‘m, savdo sohasidagi loyihalarga 15 trillion so‘m, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 11,3 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan. Shuningdek, 2022 yilda YAIMning 41,5 foiz ulushi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri kelib, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 115,9 foizga oshib, 357,6 trillion so‘mga yetkazilgan.
Toshkent shahrida 14,8 mingta loyihani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 26,8 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, shundan 7,8 trillion so‘m mablag‘ “O‘zmilliybank” AJ tomonidan tadbirkorlarga yo‘naltirilgan. “O‘zmilliybank” AJ tomonidan ajratilgan 11,3 trillion so‘m miqdordagi mablag‘lar hisobiga 1 ming 559 ta loyiha moliyalashtirilgan.
Shular bilan bir qatorda, sohadagi ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 277 nafar xotin-qizlarning xizmat ko‘rsatish loyihalarini moliyalashtirish uchun “O‘zmilliybank” AJ tomonidan 418,4 milliard so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.
Ko‘rsatilgan xizmatlar ulushining eng katta hajmi savdo (88,9 trln.so‘m) – 9 foizga, transport (81 trln.so‘m) – 12,4 foizga va moliyaviy xizmatlar (80,4 trln.so‘m) – 29,3 foizga oshgan bo‘lib, IT xizmatlari – 25,5 foizga, ta’lim – 15,3 foizga, maishiy va umumiy ovqatlanish– 14,7 foizga o‘sdi.
Olib borilgan islohotlar natijasida xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 393 mingtaga yetkazildi. 2023 yil 1 yanvar holatiga xizmatlar sohasida kichik biznes sub’ektlarining ulushi 48,4 foizni tashkil qilmoqda.
“O‘zmilliybank” AJ matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobarga oshdi.
– Bugun tadbirkorlar uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq, – deydi “SKIN BEAUTY” MCHJ ish boshqaruvchisi, tadbirkor Masharif Qalandarov. – Aynan “O‘zmilliybank” AJ ko‘magi bilan poytaxt markazida kosmetologik xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etishga erishdik. Ko‘rib turganingizdek, markazda mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar mavjud. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida “O‘zmilliybank” AJga murojaat qildik. Bizga hech bir muammosiz, besh yillik muddatga imtiyozli kredit ajratib berildi. Bugun maqsadimiz faqat kredit qarzini so‘ndirishdan iborat emas. Biz o‘z sohamizda kutilgan natijalarga erishib boshladik. O‘z binomizga ega bo‘ldik hamda xizmatlar sohasini kengaytirishga muvaffaq bo‘ldik.
Qayd etilishicha, joriy yilda “O‘zmilliybank” AJ tijorat banklari bilan birgalikda xizmatlar sohasida 68 mingta loyihani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 50,1 trillion so‘m kredit mablag‘ini ajratgan bo‘lib, mazkur ajratilgan kreditlar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga ortgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA