2023 yil 1 may kuni soat 01:40 larda noma’lum shaxs Nukus shahri G‘ayri nag‘is ko‘chasida joylashgan 39 yoshli X.R.ga tegishli qurilishi tugallanmagan uy garaji oynasini sindirib, g‘ayri qonuniy tarzda kirib, avtomashina eshiklari qulflanmagan, kaliti o‘t oldirish joyida qoldirganligidan foydalanib, ushbu avtomashinani noma’lum tomonga olib qochib ketganligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan “Trailblazer” rusumli avtomashina, noma’lum shaxs tomonidan Nukus tumani hududidagi yo‘l chetidagi daraxtga urilib, ag‘darilgan holda topilgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joyida avtomashinada bo‘lgan noma’lum shaxs qo‘lga olinib, aniqliq kiritilganda muqaddam sudlangan 31 yoshli M.A. ekanligi va u o‘ta mast holdaligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri