Seul. Tarix va zamonaviylikni o‘zida aks etgan shahar
Janubiy Koreya o‘zining ko‘p ming yillik tarixga ega qadim o‘tmishi va hozirgi zamonaviy yashash muhiti bilan xorijliklarni doimo o‘ziga jalb etib keladi. Bu o‘lka o‘zining ozodaligi va yuqori namli yomg‘irli havosi, iqtisodiy o‘sish barqarorligidan tortib, yuqori texnologiyalarining sifat darajasi bilan faxrlansa arziydi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy aloqalarning yaxshi yo‘lga qo‘yilganligini ham ta’kidlab o‘tish lozim.
Yaqinda ushbu mamlakatning Seul shahrida “Butunjahon jurnalistlar anjumani” o‘tkazildi. J.Koreya jurnalistlar assotsiatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgan mazkur xalqaro yig‘inga dunyoning 50 dan ortiq davlatidan 70 ga yaqin xorijiy OAV vakillari tashrif buyurishdi. Quvonarli jihati ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston vakili sifatida O‘zA ijodiy xodimlari ham ishtirok etishdi.
“Mintaqaviy rivojlanish va ommaviy axborot vositalarining muammolari” mavzusi doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur konferensiyada “bugungi kunda global internet tarmog‘ining rivojlanishi bilan birga “soxta yangiliklar” xavfi ham ortib borayotgani, shuningdek, rivojlanayotgan sun’iy intellekt texnologiyasining jurnalistika sohasiga ta’siri” borasida ma’ruzalar tinglandi.
Suvon – innovatsiyalar shahri
Tashrifning ikkinchi kuni xalqaro jurnalistlar uchun Suvon shahrining diqqatga sazovor maskanlariga press-tur tashkillashtirildi. Birinchi galda mehmonlar “Samsung” kompaniyasining uzoq yillik shonli o‘tmishi aks etgan “Samsung innovatsiyalar muzeyi”ning tarixiy eksponatlari bilan tanishdilar, so‘ngra Suvon shahri ma’muriyati tashabbusi bilan koreyslarning milliy cholg‘u asboblari ijrosida kechki bazm ham tashkil etildi.
Pusan 2025 yilda suzuvchi shaharga aylanadi
Sayohatchilarning doimo qadami uzilmaydigan va mamlakatning janubiy-sharqiy qismida joylashgan Pusan shahri qalamkashlarning navbatdagi manzili bo‘ldi. Qariyb 3,5 million aholi yashaydigan ushbu metropolitan shahar xalqaro transport yo‘lagining muhim qismi hisoblanib, Koreya bo‘g‘ozi sohilidagi yirik portida yiliga 30 million tonnadan ortiq yuk tashiladi. Ayniqsa bu yerda baliqchilik, elektrotexnika, rezina va mashinasozlik, kema va avtomobil dvigatellari ishlab chiqarish, radiotexnika sanoati ancha taraqqiy etgan.
Mahalliy qurilish va sanoat tashkiloti vakillari bilan uchrashuvimiz chog‘ida soha mutaxassisining aytishicha, Pusan shahri qirg‘oqlarida suzuvchi shahar qurish rejalashtirilmoqda. U toshqin va zilzilalardan himoyalangan bir necha sun’iy orollardan iborat bo‘ladi. Shahar quyosh energiyasidan quvvat oladi, uning aholisi esa o‘simlik mahsulotlari bilan oziqlanadi. Dunyodagi bu ilk suzuvchi shahar 2025 yilga borib quriladi.
Konferensiya ishtirokchilari Pusanda BMT muhofazasidagi xotira majmuasini ziyorat qildilar. So‘ngra matroslar ishtirokida port shaharning ko‘hna daryosi uzra kichik kema sayohati uyushtirildi.
Inchxon. Maftunkor shaharning mukammal arxitekturasi hayratni oshiradi.
Bizning navbatdagi yo‘nalishimiz mamlakatning eng yirik aeroporti joylashgan go‘zal va betakror Inchxon shahri bo‘ldi. Maftunkor shaharning mukammal arxitektura uslubida bunyod qilingan osmono‘par binolariga boqar ekanmiz, mahalliy xalqning mehmondo‘stligini ko‘rib quvonchimiz yanada ortdi. Sayohat davomida koreys xalqining urf-odatlari, milliy taomlari va qadimiy me’morchilik yodgorliklari haqida tashkilotchilar tomonidan ma’lumotlar berib borildi.
Safarimiz so‘nggida xorijlik hamkasblar bilan xayrlashar ekanmiz, bizlarni bir nuqtada birlashtirgan Janubiy Koreyalik tashkilotchilarga alohida minnatdorchilik izhor etdik va yangidan-yangi ijodkor do‘stlar orttirgan holda iliq xotiralar bilan yurtimizga qaytib keldik.
O‘tkir ALIMOV,
Toshkent – Seul – Toshkent,
O‘zA