Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bu qaror iqtisodiyotda narxlar o‘sishining yanada sekinlashishiga yordam beruvchi pul-kredit sharoitlarini ta’minlash, shuningdek, mart oyidagi asosiy stavka pasaytirilishining yalpi talab va taklifning muvozanatlashuviga ijobiy ta’sirlarini davom ettirishga qaratilgan.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, yillik inflyatsiya darajasi mart va aprel oylarida ham pasayishda davom etdi hamda mos ravishda 11,7 va 11 foizga teng bo‘ldi. Ushbu pasayishda mavsumiy omillar va o‘tgan yildagi yuqori baza effekti ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Inflyatsiyaning uzoq muddatli va barqaror omillarini ifoda etuvchi bazaviy inflyatsiyada ham mart oyida sezilarli pasayish dinamikasi kuzatilib, yillik 12,9 foizgacha sekinlashdi (2022 yil dekabr oyida 13,8 foiz). Bunda bazaviy inflyatsiyaning umumiy inflyatsiyaga hissasi o‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon birinchi marta 10 foiz banddan kamroqni tashkil etdi.
Ayni paytda bazaviy inflyatsiya darajasining umumiy inflyatsiyadan yuqoriligi iqtisodiyotda ma’lum bir inflyatsion xatarlar saqlanib qolayotganligini ifodalaydi.
Kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari ham pasayish tendensiyasiga qaytdi va mos ravishda 14,4 va 14,1 foiz darajasida shakllandi. Bunda aholining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha javoblar medianasi – 11,5 foizgacha va tadbirkorlik sub’ektlariniki – 11,4 foizgacha pasaydi.
Joriy yilning yanvar oyida iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalar keskin oshib, aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy vaziyat hamda narxlar bo‘yicha xavotirlari oshganligini namoyon qilgan edi. Kutilmalarning pasayishi va uzoq muddatli trendiga yaqin shakllanishi inflyatsion jarayonlarning sekinlashuvi bo‘yicha umumiy tendensiyalarning kelgusida ham davom etishi borasidagi mulohazalarni kuchaytirmoqda.
Tashqi moliyaviy sharoitlarning qat’iylashib borayotgani jahon va mintaqaviy moliya bozorlarida tebranuvchanlikning kuchayishida namoyon bo‘la boshladi.
Xalqaro bank tizimida yuzaga kelayotgan xatarlarga nisbatan tezkor javob choralari qo‘llanilishiga qaramay, kreditlash shartlarida qat’iylik va kelgusi xatarlar bo‘yicha noaniqliklarning yil oxirigacha saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.
O‘tgan yildagi yuqori darajadagi transchegaraviy pul o‘tkazmalari, joriy yilda davlat byudjeti xarajatlarining oshishi, shu jumladan, ish haqi va nafaqalarning oshirilishi iste’mol talabi o‘sishini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, kelgusi choraklarda iqtisodiy faollikning yuqori bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA