Farg‘ona politexnika institutida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan Jahon Bankining “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasi doirasida rejalashtirilgan “Texnologiyalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni amalga oshirish” o‘quv dasturiga start berildi.

Dasturning asosiy maqsadi hududlardagi yosh olimlar, tadbirkorlar va o‘z startap g‘oyalariga ega yosh olimlarning loyihalarini amalga oshirishda amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda texnologiyalarni tijoratlashtirishda ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Treningda muvaffaqiyatli ishtirok etgan ishtirokchilarni loyihaning yakuniy bosqichi yakunlangandan so‘ng sertifikatlar bilan taqdirlash rejalashtirilgan.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova, Jahon banki ishchi guruhi rahbari Janob Yerala Beksultan, MUNIS loyihasi rahbari Dilshod Azgarov, ilmiy loyihalar va biznes-startaplarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro ekspert Sergey Makarov loyihaning maqsad va vazifalari to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.

–Dasturning asosiy maqsadi 2022-2026 yillarda innovatsion rivojlanish strategiyasida belgilangan vazifalarga erishish uchun hududlardagi yosh olimlar, tadbirkorlar va o‘z startap g‘oyalariga ega yoshlarga loyihalarini amalga oshirishda amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, texnologiyalarni tijoratlashtirishda ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, – deydi Farg‘ona politexnika instituti 2-bosqich tayanch doktoranti Ahadjon O‘lmasov. – Loyiha, shuningdek, MUNIS loyihasining kichik tarkibiy qismlari uchun maqsadli auditoriyani kengaytirishga yordam beradi. Umid qilamizki, dastur doirasidagi trening mashg‘ulotlari innovatsion g‘oya va loyihalarning samarali amalga oshirilishida qo‘l keladi.

Loyiha joriy yilning may oyida boshlanib, 8 oy davomida 12 ta viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkaziladi. Loyiha doirasida treninglar tashkil etilib, O‘zbekistonning barcha hududlarida bepul interaktiv seminarlar o‘tkaziladi. Mazkur loyiha fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalarini rivojlantirishga xizmat qilib, mamlakatning demografik salohiyatini ochib berishga qaratilgan va amalda sinovdan o‘tib yo‘lga qo‘yilgan dasturdan iborat.

 

M.Sulaymonov,  

O‘zA