Joriy yilning 2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O‘zsanoatqurilishbank va “Commerzbank AG” o‘rtasida 100 million yevro miqdoridagi qo‘shimcha kelishuv tuzildi.
Davlatimiz rahbarining Germaniya Federativ Respublikasida davom etayotgan tashrifi doirasida Berlin shahrida ikki davlat ishbilarmon doiralarining biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikning kengaytirilishiga qaratilgan qator muhim hujjatlar imzolandi.
Xususan, xalqaro ishbilarmonlik uchrashuvi O‘zsanoatqurilishbankning “Commerzbank AG” bilan aloqalarini rivojlantirishda yangi imkoniyat eshigini ochdi.
Kelishuvga binoan ushbu xorijiy moliya muassasasidan jalb qilinadigan mablag‘lar kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Ta’kidlash joiz, O‘zsanoatqurilishbank tizimida xalqaro hamkorlik borasida Germaniya bank-moliya tarmog‘i bilan sherikchilik munosabatlari tobora kengayib bormoqda.
Jumladan, Landesbank Baden-Vyurttemberg hamda “Helaba” banki bilan ham jami 100 million yevrolik kredit bitimlari imzolandi. Shu yilning 27 aprel kuni esa, mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Germaniyaning “Helaba” banki bilan 35 mln. yevroga teng hamkorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan edi.
Biznes forumda tomonlar o‘zaro amalga oshirilayotgan ushbu kelishuvlar ikki davlat biznes doiralari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Bank Axborot xizmati
Reklama huquqi asosida