Oliy Majlis Senatining qirqinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Unda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlisning ikkinchi ish kuni “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

47 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan mazkur Konvensiya milliy qonunchilik yoki me’yoriy hujjatlar orqali ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish va cheklashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashni talab qiladi.

Bundan tashqari, mazkur xalqaro hujjatda tizimli nazorat choralarini, shu jumladan, ish joylarida mehnat sharoitlarini, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining og‘irligi va tig‘izligini hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfini baholash belgilangan.

Muhokama jarayonida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xodimlar huquqlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini yaratish imkonini berishi va mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga sezilarli turtki berishi qayd etildi.

Senatorlar ma’qullagan qonun, o‘z navbatida, mamlakatimizning xodimlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro tamoyil va standartlarga sodiqligining yana bir ifodasidir.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA