Bugun Turkiyaning Konya provinsiyasida Yevropadagi eng yirik quyosh elektr stansiyasi (QES)ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. 1350 MVt quvvatga ega, “Kalyon Energy”ga tegishli “Karapinar” QES. Kompaniya matbuot-xizmati ma’lumotiga ko‘ra, majmua 20 million kvadrat/metr hududni qamragan. Uskunalarni o‘rnatish 2020 yil yanvar oyida boshlangan.

Stansiya to‘liq ishga tushgach, Turkiyada quyosh energiyasi quvvati ulushi 20 foiz oshadi. Bu yerda “Kalyon Fotovoltaik” korxonasida ishlab chiqarilgan 3 256 038 quyosh paneli o‘rnatildi. Umumiy qiymati 1 milliard dollarga baholangan ushbu loyihaga Britaniya hukumati faol moliyaviy yordam ko‘rsatdi. Mablag‘ning salmoqli ulushi “UKEF” ekspert-kredit agentligi tomonidan ajratildi.

Taxminga ko‘ra, mazkur quyosh elektr stansiyasi har yili 3 milliard KVt tok ishlab chiqaradi. Bu mamlakatda elektr energiyasi iste’moli 1 foiziga to‘g‘ri keladi yoki 2 millionga yaqin kishining ehtiyojini qoplaydi. Qolaversa, endi atrof-muhitga 2 million tonna zararli modda chiqishining oldi olinadi.