O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Arxitektura, qurilish, muhandislik sohalari rahbar va mutaxassislari hamda ishchi kasb egalarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi negizida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Kasbiy faoliyatni rivojlantirish markazi;
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Jizzax politexnika instituti qoshidagi Arxitektor-loyihachilar va quruvchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi negizida Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti huzurida Kasbiy faoliyatni rivojlantirish markazi tashkil etiladi.
Ushbu markazlarning asosiy vazifasi:
qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga innovatsion texnologiyalar hamda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga mo‘ljallangan malaka talablari, o‘quv rejasi va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;
xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tgan o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash va malaka oshirishning o‘quv-metodik hujjatlarini ishlab chiqish;
sohadagi yetakchi professor-o‘qituvchilar, mahalliy konstruktorlik- texnologik muassasalar va respublikadagi yirik loyihalash tashkilotlarining tajribali amaliyotchi mutaxassislarini taklif etgan holda, sohadagi yuqori va innovatsion texnologiyalarga asoslangan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
shartnoma asosida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlariga jalb etish;
ta’lim va ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni ta’minlab, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonini, shu jumladan, ko‘chma mashg‘ulotlarni zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan tashkilotlar bazasida tashkil etish;
xorijiy hamkor tashkilot va oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda talabalarning arxitektura, qurilish, muhandislik, dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro kasbiy sertifikatlarni olishini yo‘lga qo‘yish;
umume’tirof etilgan xalqaro ta’lim standartlari va talablari, ilg‘or pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalari asosida o‘quv jarayonini sifatli tashkil etish, shuningdek, arxitektura va qurilish sohasining ilg‘or yutuqlari, masofadan o‘qitish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda malaka oshirishning innovatsion shakllarini joriy etish, o‘quv-metodik resurslarni ishlab chiqish, ta’lim dasturlarini takomillashtirishdan iborat.
Markazlar davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.
O‘zA