Tahlillarga ko‘ra, hududlarda, ayniqsa, qishloq joylarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emas. Dunyoning boshqa mamlakatlaridagi singari bizda ham kambag‘al qatlam mavjud. Ular taxminan 12-15 foizni tashkil etib, bu 4-5 million nafarga teng odam deganidir.

O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashish 2017 yildan boshlab mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishi qilib belgilangan. Mamlakatimiz va hududlar miqyosida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15 dan ortiq me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Muhtojlikni aniqlash, shaffoflikni ta’minlash va manzilli ijtimoiy himoyani amalga oshirish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona registri” tashkil etildi va ma’lumotlar yagona tizimi yaratildi.

Iqtisodchilarning fikricha, kambag‘allikni oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, kredit berish bilan qisqartirib bo‘lmaydi. Ushbu strategik maqsadlarga hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan yuqori iqtisodiy o‘sish hisobiga erishish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-2021 yillarda respublikada kambag‘allikni qisqartirish vositalarining asosiy strategik yo‘nalishlari amaliyotga joriy etildi. Bu bilan yurtimizda kambag‘allikni qisqartirishning institutsional asoslari yaratildi. Shu bilan birga kambag‘allikni qisqartirish masalalarini muvofiqlashtiruvchi vazirlik hamda ushbu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boruvchi ilmiy markaz tashkil etildi.

Shuni ham aytish joiz, pandemiya sharoitida ehtiyojmand aholini moddiy va nomoddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylardagi 4 ta sektor, mahalla organlari, keng jamoatchilik vakillari hamda deputatlar bilan birgalikda kambag‘al va moddiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati –“Temir daftar” tizimi tashkil etildi.

Qolaversa, Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari asosida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustda “Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

E’tiborli jihati, mamlakatimizda mahallalarda “Temir daftar”ga kiritilganlar bilan ishlash, daftarlardagi ma’lumotlarni yangilab borish hamda kambag‘al oilalarni ro‘yxatdan chiqarish masalalari birinchi planga ko‘tarildi.

bugungi kunda yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada jahon tajribasida keng qo‘llanadigan kambag‘al oilalarning doimiy daromad manbaini yaratish, inson kapitali sifatini oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash kabi uchta vositadan foydalanilmoqda. Jumladan birinchisi, kambag‘al aholining doimiy daromad manbai yaratilmoqda. Ma’lum qilinishicha ushbu vosita orqali kambag‘allikni qisqartirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlarining qamrov darajasi oshirilmoqda, aholi tomorqalarini rivojlantirishga, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va boshqa sohalarda kooperativlarga jalb qilinadigan shaxslarning a’zolik badaliga, mehnat organlari yo‘llanmasi bilan ishga oladigan ish beruvchilarga subsidiyalar ajratilmoqda.

Ikkinchi vosita esa inson kapitali sifatining oshirilishidir. Bu bilan kambag‘al aholini qo‘llab-quvvatlashda dastlabki bosqichlarda asosan imtiyozli kreditlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam berish mexanizmiga urg‘u berilgan. Ya’ni kambag‘al aholining tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va kasb-hunarga o‘qitish keyingi bosqichdagi ishlarning muhim yo‘nalishi sifatida belgilab olingan. Kasb va hunarga o‘qitishda monomarkazlar tashkil etilib, ustoz-shogird an’anasini tiklash va kengayishini rag‘batlantirishga e’tibor qaratilmoqda. “World skills” standartlarini amaliyotga joriy etish, o‘qitish ishlariga nodavlat va notijorat tashkilotlari hamda xususiy sektor keng jalb etilmoqda.

Shuningdek, uchinchi vosita sifatida kambag‘al oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy va nomoddiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, ehtiyojmand va ishsiz xotin-qizlarning ko‘pchiligi o‘rta ma’lumotli, ular zamonaviy bilim va hunarlarni egallamagan. Ana shularni inobatga olgan holda ularni kasb va hunarga o‘qitish uchun monomarkazlar tashkil etilib, mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga tayyorlanmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish borasida bir mamlakat tajribasini boshqa mamlakatda aynan qo‘llash imkoniyati, ya’ni yagona formulaning mavjud emasligi O‘zbekistonda ham aholining ehtiyojmand qismini qo‘llab-quvvatlashning o‘ziga xos tizimini yaratishni taqozo etdi. Xususan, dastlab 2018 yildan mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni tizimli amalga oshirish boshlangan bo‘lsa, ushbu tizim va uni qo‘llash mexanizmlari o‘tgan davr mobaynida amaliyotda yuzaga kelgan kamchiliklar hamda muammolarni bartaraf etish orqali bosqichma-bosqich takomillashtirib borildi.

Dastlabki bosqichda dastur doirasida kredit mablag‘lari hisobidan faqatgina hududiy komissiyalar tomonidan tasdiqlanadigan ta’minotchilardan mahsulot sotib olish belgilangan edi. Taklif cheklanganligi, raqobatning mavjud emasligi sharoitida talabning oshishi, dasturlar doirasida xarid qilinadigan ayrim tovarlar narxining bozor qiymatidan yuqori sotilishi, sifati pastligi kabi bir qator muammolarni yuzaga keltirdi. Bu, o‘z navbatida, dastur doirasida ajratilayotgan imtiyozli kreditlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ikkinchi bosqichda mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida hududiy komissiyalar tomonidan ta’minotchilarni belgilash amaliyoti bekor qilindi. Imtiyozli kreditlar tovarlar shartnoma asosida kelishilgan narxda yetkazib berilgandan va loyiha egasi undan qanoatlanish hosil qilganidan so‘ng mahsulot yetkazib beruvchining hisob raqamiga o‘tkazib berilishi belgilandi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha mahsulot sotib olish, kredit ajratish va undan foydalanishda inson omili, ta’minotchilar o‘rtasida raqobatning pastligi mavjud. Afsuski, bugungi kunda imtiyozli kreditlarning maqsadsiz yoki noo‘rin ishlatilishi kabi muammolarga duch kelyapmiz. Bu kabi muammolar esa dasturning samarali bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday muammolarning saqlanib qolayotgani dastur samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi.

Uchinchi bosqichda asosiy e’tibor oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha kredit ajratishda banklardagi inson omilini yo‘qotish, shaffoflikni oshirishga qaratildi. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha «Yagona elektron platforma» (www.oilakredit.uz) joriy etilib, kreditlar bo‘yicha ariza qabul qilish jarayoni to‘liq raqamlashtirildi.

Qolaversa, imtiyozli ipoteka kredit turi og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzand(lar)ini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga beriladi. Davlat dasturi doirasida shaharlardan arzon kvartiralar va qishloq joylaridan bir qavatli uylar ipoteka krediti asosida beriladi. Yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj ayollar uchun kvartiralarni belgilash tuman (shahar) hokimiyatlarida tashkil etilgan hududiy komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda kambag‘allikni qisqartirishning bosh omili sifatida ehtiyojmand oilalar uchun doimiy daromad topish manbalarini yaratish va kengaytirishga keng e’tibor berilsa, bu muammolarga barham beriladi.

 Shahnoza Mamaturopova, O‘zA