Joriy yilning 2 may kuni O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida “Arton” va “Wehrhahn” Gmbh kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda avtoklavlangan gazobeton ishlab chiqarish bo‘yicha ikkita yangi zavod uchun Germaniya ishlab chiqarish liniyalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Bu haqda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Germaniya-O‘zbekiston biznes forumi doirasida imzolangan ushbu hujjatga ko‘ra, 2023 yilda Urganch va Andijon shaharlaridagi ikkita zavod uchun ishlab chiqarish liniyasini yetkazib berish belgilangan. Ishga tushirilishi esa 2024 yilning oxiriga mo‘ljallangan.
Shuningdek, uchrashuvda kompaniya vakillari 2024-2025 yillarda Navoiy va Termiz shaharlarida ikkita yangi zavod qurish, ishlab chiqarish liniyasini yetkazib berish hamda zavodlarni ishga tushirish bo‘yicha memorandum ham imzoladi.
Andijon shahridagi zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 600 ming metr kubni, Urganch shahrida 300 ming metr kubni, umumiy qiymati esa 46 million yevroni tashkil etadi. Termiz hamda Navoiy shaharlaridagi gazobeton ishlab chiqaruvchi yangi zavodlar ham Germaniya ishlab chiqarish liniyalari bilan jihozlanadi.
Termiz shahrida yiliga 300 ming metr kub ishlab chiqarish quvvatiga ega gazobeton zavodi, Navoiy shahrida yiliga 600 ming metr kub ishlab chiqarish quvvatli gazobeton zavodi hamda 2 million 250 ming metr kvadrat fibrotsement panellari zavodi quriladi. Loyihaning umumiy qiymati 75 million yevrodir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA