O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Axborot-kutubxona sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, nashrlarga universal o‘nlik klassifikatsiya va kutubxona-bibliografik klassifikatsiya indekslari hamda nashrlarga kitobning xalqaro standart tartib raqami (ISBN) va davriy nashrning xalqaro standart tartib raqami (ISSN) berish Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Milliy kutubxona tomonidan YAIDXP orqali elektron xizmatlarni joriy qilish bo‘yicha texnik hujjatlar 2023 yil 15 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga taqdim etiladi.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar hamda Adliya vazirliklari bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar axborot- kutubxona sohasidagi davlat xizmatlari YAIDXP orqali ko‘rsatilishi uchun axborot tizimlari o‘zaro integratsiyalashtiriladi.

YAIDXP orqali kelib tushadigan so‘rovlar bo‘yicha noshirlik faoliyatini amalga oshirish uchun tasdiqnomaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga taqdim etiladigan ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglament talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazolar qo‘llaniladi.

O‘zA