Milliy gvardiya organlari tomonidan jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 2022 yilda noqonuniy saqlangan 44 ta pnevmatik va ov quroli, 3 ming 202 dona o‘q-dori olib qo‘yilgan.

Biroq, soha xodimlarining amaliyotda o‘z vazifalarini to‘laqonli amalga oshirishda vakolatlari cheklangan.

Shu bois ularga aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan o‘z vaqtida chora ko‘rish uchun ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir ayrim vakolatlarni berish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlariga ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish (bayonnoma tuzish) vakolati berilmaganligi sababli ular hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarga hal etish uchun yuborib kelgan.  Bu ortiqcha hujjat aylanishi va, eng achinarlisi, fuqarolarning sarson bo‘lishiga olib kelgan.

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun shunday holatlarga chek qo‘yadi.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik, quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurishga oid ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda.

Qolaversa, bu kabi vakolatlar voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi.

Mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib qoladi, albatta.

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikni ta’minlash va asossiz javobgarlikka tortish holatlarining oldini olish maqsadida Milliy gvardiya organlari nomidan qonunda ko‘rsatilgan boshqarma (bo‘lim) boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga va jarima jazosini qo‘llashga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan mazkur qonun bilan jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar bo‘yicha Milliy gvardiya organlariga huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish huquqi berilmoqda.

 

N.Abduraimova, O‘zA