Tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini noqonuniy o‘tkazish yoki olib qo‘yish, shuningdek, ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlari uchrab turadi. Qonun hujjatlarida buning uchun javobgarlik choralari aniq belgilanmagan.
Shu kabi omillar inobatga olingan holda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.
Senatning qirqinchi yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun bilan tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki olib qo‘yganlik yoxud ortiqcha undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Qonunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larini tadbirkorlik sub’ektlarining roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pulni o‘z vaqtida qaytarmaslik holati bo‘yicha aybdorga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinishi qayd etildi.
Qonun bilan tadbirkorlarning pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik yuzasidan Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha modda kiritildi. Unga ko‘ra, mazkur holatlar ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ham sodir etiladigan bo‘lsa, sodir etilgan jinoyatning toifasiga qarab bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan qonun tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga va ularning mulkiy huquqlari daxlsizligini himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
A.Abdullayev (surat), O‘zA