“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari hamda manfaatdor aholi vakillari qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida o‘qitilmoqda.
Shu maqsadda “O‘zqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi huzurida “Tadbirkorlar maktabi” o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmati rahbari Jamshid Shermetovning qayd etishicha, markazda o‘quv mashg‘ulotlarining muddati ikki xaftaga mo‘ljallangan bo‘lib, unda asosan amaliyotga urg‘u beriladi. Amaliy darslar qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi, yirik korxonalarda tashkil etiladi. O‘quv jarayoni zamonaviy xorij standartlari asosida tashkil etilgan bo‘lib, xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari Germaniya ta’lim tizimida ko‘p qo‘llaniladigan dual-ta’lim dasturlari asosida ishlab chiqilgan.
– O‘quv mashg‘ulotlariga o‘z sohasida yuqori malakaga ega mahalliy va xorijiy mutaxassislar o‘qituvchi sifatida jalb qilingan. Tanlov asosida jalq qilingan 25 ga yaqin o‘qituvchining 4 nafari fan doktori, 3 nafari professor, 7 nafari fan nomzodidir.
O‘quv markaz bir vaqtning o‘zida 40 nafar tinglovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, tinglovchilar barcha zaruriy ta’lim vositalari, o‘quv qurollari, adabiyotlar bilan ta’minlangan.
O‘quv mashg‘ulotlari yakunida bitiruvchilarga “kelajak uchun bo‘nak” tamoyili asosida maxsus raqamlangan sertifikatlar taqdim etiladi va ularning keyingi faoliyati mutaxassislar orqali doim qo‘llab-quvvatlab boriladi. Bitiruvchilar olgan bilim, ko‘nikma va malakalaridan foydalanib, o‘z biznesini boshlash uchun yakka tartibda biznes loyiha tayyorlaydi. Ushbu jarayonda ularga soha maslahatchilari biriktiriladi va doimiy tarzda hududlarda tashkil etilgan “Qurilish materiallarini rivojlantirish markazlari” tomonidan amaliy ko‘mak berib boriladi, – dedi J.Shermetov.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA