bugungi kunda “KAMAZ” kompaniyasining Tatariston Respublikasidagi ishlab chiqarish komplekslarida yiliga 900 nafar nomzodni kasbga o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Ishlab chiqarish jarayonlarida 1 ming 800 nafar o‘zbekistonlik ham mehnat qilmoqda.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyada bo‘yoqchi, chilangar, payvandchi, haydovchi va haydovchi-elektrik kabi kasb egalariga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, kompaniya vakillari ushbu yo‘nalishlarda o‘zbekistonlik yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borish istagini ma’lum qilgan.
Shu bois, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda “KAMAZ” kompaniyasi Inson resurslarini rivojlantirish departamenti direktori Leniza Xikmatullinaning uchrashuvi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida kasbiy ta’limni rivojlantirishda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
I.Abdurahmonov o‘zbekistonlik yoshlarni talab etilayotgan kasblarga o‘rgatish, ularning til malakasini oshirish hamda “KAMAZ” kompaniyasi ishlab chiqarish komlekslarida kafolatlangan ish bilan ta’minlash borasida bir qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, kompaniya tomonidan O‘zbekistondagi mutaxassislikka mos kollej va texnikumlar tanlab olinib, ularda “Kamaz” brendi ostida to‘liq ta’lim hamda kasbiy tayyorlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi professional ta’lim muassasalari bazasida maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish, uni muvaffaqiyatli yakunlab, saralangan bitiruvchilarni ishga joylashtirish kabi masalalar o‘rtaga tashlandi.
Ushbu hamkorlik doirasida jalb qilingan ishchilar haq-huquqlarining to‘liq ta’minlanishi, ijtimoiy himoya jarayonlarining to‘liq amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA