Ma’lumki, Markaziy Osiyoda suvning 80 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ishlatiladi. Toza suv bilan bog‘liq murakkab holat mintaqada oziq-ovqat tanqisligiga olib kelishi mumkin.

Tahlillarga ko‘ra, dunyoda har yili 5 yoshdan kichik bo‘lgan o‘rtacha 297 ming bola tozalanmagan ichimlik suvi iste’mol qilgani yoki ana shunday suv bilan qo‘l yuvishi natijasida diareya kasalligiga uchrab vafot etmoqda. Mazkur raqamlarning o‘zi ham tomchi suvning qadrini bugundan anglashimiz, suvni tejashimizga asos bo‘ladi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, O‘zbekiston hududining 70 foizi cho‘llangan. 2050 yilga qadar suvga bo‘lgan talab yana 50 foizga oshadi. Shu raqamlarning o‘zi ham tabiatning bebaho ne’mati bo‘lgan obihayotdan tejamkorona, oqilona foydalanishga undaydi.

O‘zbekistonda suv tanqisligi qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur qilish qiyin emas. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilishiga xavf, eksport hajmining qisqarishi, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan aholining turmush sifati yomonlashishi degani.

O‘zbekistonda qurg‘oqchilikning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun Jizzax viloyati Zomin tumaniga suvni iqtisod qiluvchi texnologiyalarni joriy etish jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.

Press-turda qayd etilishicha, o‘tgan yilda Jizzax viloyatida qishloq xo‘jalik sohasida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisobiga jami 25 million 300 ming kub metr suv iqtisod qilingan. Joriy yilda bu ko‘rsatkich qariyb, 60 million kub metrga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Dastavval viloyatda suv tanqisligining oldini olish, ushbu dolzarb masalani hal qilishda ilg‘or innovatsion usullardan foydalanish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Jurnalistlar Dashtobod tumanida faoliyat yuritayotgan chorvachilikka ixtisoslashgan “Jizzax organik” chorvachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi. bugungi kunda 10 ming boshdan ortiq yirik va 4 ming boshga yaqin mayda shohli mollar parvarish qilinayotgan “Jizzax organik” klasteri ushbu chorva uchun zarur bo‘lgan ozuqa mahsulotlarini to‘liq o‘zida yetishtirmoqda. “Jizzax organik”ga qarashli ekin maydoni yomg‘irlatib sug‘orish usulida sug‘oriladi. 3 yildan buyon shu yo‘l bilan yetishtirilayotgan g‘alla, makkajo‘xori va bedadan yuqori hosil olinmoqda. Bunda nafaqat suv, balki ishchi kuchi, o‘g‘it, texnika va yoqilg‘i mahsulotlari ham iqtisod qilinmoqda.

600 gektar makkajo‘xori ekin maydonlari yomg‘irlatib sug‘orish texnikasida sug‘oriladi. Ushbu texnika 3 kunda 500-600 gektarni sug‘orish quvvatiga ega. Ushbu texnika orqali beda, makkajo‘xori, ko‘katlar, g‘alla kabi o‘simliklarni sug‘orish mumkin.  Ekinlarni sug‘orish uchun suv hovuzi tashkil etilgan bo‘lib, uning parametrlari 200×300, balandligi 6 metrni tashkil etadi.

– Bu suv omboriga 300 ming metr kub suv yig‘iladi, – deydi Suv xo‘jaligi vazirligi DEM 2/1 kanalining rahbari Islombek Xolmurodov. – Bu suv ombori suvni tejash maqsadida qurilgan. Bu 600 gektar yerni sug‘orishga mo‘ljallangan. Avvallari 1 gektar yerga 900 litr suv sarflangan bo‘lsa, yomg‘irlatib sug‘orishda 100-150 litr suv ishlatiladi. Suv omborini kanaldan to‘ldiramiz. Kanaldan tashqari yer tubidan chiqadigan suv orqali ham uni to‘ldiramiz.

– Statistik ma’lumotlarga qaraganda dunyo bo‘yicha 164 mamlakat ichida suv tanqisligi bo‘yicha O‘zbekiston 24-o‘rinni egallaydi. Bu degani 2050 yilgacha mamlakatimizda suv tanqisligi kuzatiladi, – deydi Suv xo‘jaligi vazirligi media maslahatchisi Muzayam Barnoyeva. – bugungi kunda bu muammoning oldini olish maqsadida mamlakatimizda tomchilatib, yomg‘irlatib, pulsar sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan. Qolaversa, yerni lazerlik tekislash orqali ham suvni tejash imkoniyati bor. Bu texnologiyalar mamlakatimizda keng joriy etilsa, 70 foiz suv tejaladi. Shu bois suv tejovchi texnologiyalar targ‘iboti butun respublikaga qilinishi zarur. Chunki, ayrim fermer va klasterlar yer maydonlarini sug‘orishda suvni tejovchi texnologiyalaridan foydalanish katta daromad keltirishini bilishmaydi.

Ayni paytda Buxoro, Navoiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv muammo. Shuning uchun 2024 yildan mamlakatimizda “Suv hisobi” tizimi ishga tushadi. Bu borada hozirda Qashqadaryo viloyatida tajriba sinovi o‘tkazilmoqda. Bu tizim orqali mamlakatimiz miqyosida hamma hududlardagi suvlar monitoring qilinadi.

Buning hisobi olinib, tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan fermerlarga suv yetkazib beriladi. Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan suvsiz hududlarga suv yetkazib beriladi. E’tiborli jihati shundaki, mutaxassislarning o‘rganishlari shuni ko‘rsatganki, bu texnologiyani joriy etgan fermerlar 50 foizgacha ko‘p hosil olgan. Bundan tashqari ishchi kuchi ikki barobar kamayadi. Mineral o‘g‘itlar har bir daraxtning ildiziga to‘g‘ri yetib boradi. Shuni ham aytish joiz, bu kabi suv targ‘iboti suv tanqisligining oldini olish, kelajak uchun, farzandlarimiz uchun zarur.

Keyingi manzil Zomin tumanidagi “Maroqand meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ladi. Mazkur Jamiyatning umumiy yer maydoni 120 gektar bo‘lib, olmaning 5 xil navi parvarishlanmoqda. bugungi kunda bog‘ hosilga kirgan. 2018 yilda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan.

– Bu bog‘lar lalmikor yerlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida tashkil etilgan. Shu sabab hosildorlik oddiy bog‘larga nisbatan bir necha barobar ko‘p, – deydi Zomin tumanidagi “Maroqand meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyati agronomi Ulug‘bek Mamatov.  –  Tomchilatib sug‘orish tizimining foydali jihatlari ko‘p. Misol uchun, 1 tup daraxt uchun an’anaviy sug‘orishda 10 litr suv ishlatilgan bo‘lsa, tomchilatib sug‘orishda 2 litr suv talab yetiladi. Natijada suvni 5-6 barobarga tejash imkoniyati yuzaga keladi. O‘tgan yilda 1 gektar bog‘lan 18 tonna meva oldik. Eng muhimi o‘g‘iti ham suv orqali yuboriladi. Bitta fermer misolida tahlil qilinganda suv sarfi xarajatlari 50 foizga, o‘g‘it 37 foiz, yoqilg‘i 35 foizga qisqaradi. Daromad esa 40-50 foizga oshadi.

–bugungi kunda Jizzax viloyatidagi sug‘oriladigan maydonlarning 35-40 foizida tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish, disket tarzda sug‘orish hamda lazer tekislash ishlari amalga  oshirilgan, – deydi Suv xo‘jaligi vazirligi Sirdaryo – Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmatov. – Suv tanqisligini yumshatish va suv resurslarini tejash maqsadida nafaqat suvni tejovchi texnologiyalaridan, balki aqlli suv o‘lchagich inshootlari, qurilmalaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa davlatimiz tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, joriy yil 1 aprelda “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali suvdan foydalanish samaradorligi oshiriladi. Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalarni tashkil etish uchun subsidiya ajratilmoqda. Viloyatdagi dehqon va fermerlar suv tejovchi texnologiyalaridan foydalanmoqda. Suv tejovchi uskunalar joriy etish har gektar yer hisobiga suvni 40-50 foizga tejash imkonini beradi. Hosildorlikni 15-20 sentnerga oshiradi. Buni viloyatimizdagi ko‘plab klaster korxonalari, fermer xo‘jaliklari amalda sinab ko‘rishgan.

Sohada amaliyotga tatbiq etiladigan yana bir innovatsiya – klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari yer maydonlarini lazer yordamida tekislash. Bu orqali suv sarfi 20-25 foiz, o‘g‘it 15 foiz tejaladi, hosildorlik kamida 10 foizga oshadi. Shu maqsadda joriy yilda viloyatda 9 ming 800 gektar maydonni lezarli uskuna yordamida tekislash rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan fermer va dehqonlarga qator imkoniyat va imtiyozlar  yaratilyapti.

Ilgari fermerlar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun subsidiya olmoqchi bo‘lsa, ortiqcha qog‘ozbozliklarga duch kelar edi. Birinchi bo‘lib fermerning arizasini tuman ishchi guruhi, keyin viloyat, respublika ishchi guruhi tasdiqlar edi. Shundan so‘ng, masalaga yechim topilar edi. Ayni vaqtda bu tizim onlayn amalga oshirilmoqda. Zomin tumaniga daryo suvlari yetib kelmaydi. Bu yerda dalalarni sug‘orishda artizan suvlaridan keng foydalaniladi. Shu boisdan tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish keng yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha fermerlarda bilim va ko‘nikma yetishmayotgani bois bu texnologiyalar ommalashmagan. Ko‘pchilik fermerlar tomchilatib sug‘orish texnologiyalari mashaqqat deb o‘ylashadi. Ammo bunday emas. Misol uchun, texnologiyaning sifati va ishlab chiqarish korxonasiga qarab, 1 gektar yerga 20 milliondan 25 milliongacha xarajat qilinadi. 1 gektariga loyiha qiymatining 8 milliondan 10 milliongacha qismi subsidiya sifatida qaytarib beriladi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA muxbiri