Daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda.

Bu me’yor Senatning qirqinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonunda aks etgan.

Ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida ushbu huquqbuzarliklar takror sodir etilgani uchun o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish choralari belgilanmoqda.

Endilikda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda.

Bundan tashqari, noqonuniy daraxt kesganlik yoki kundakov qilganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning to‘rtta moddasida ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Mazkur moddalarda bir xil ma’muriy huquqbuzarlik uchun turli miqdordagi jarimalar va nomutanosiblik mavjudligi inobatga olinib, o‘zgartishlar orqali bir turdagi ma’muriy xuquqbuzarlikka nisbatan bitta moddada bir xil javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesilishi, kundakov qilinishi, shikastlantirilishi yoki yo‘q qilinishi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirish, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi va davlat ekologik nazoratining samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi.

Senat Raisi ushbu masala haqida fikr bildirib, daraxtlarni nobud qilishning ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy jiddiy oqibatlari xususida bugun ortiqcha izohga hojat yo‘qligini qayd etdi. Jamiyatda bunday holatga nisbatan murosasiz munosabat, ya’ni daraxt kesish – jinoyat, degan qarash shakllandi. Shu bilan birga, amaliyotda noqonuniy daraxt kesish hollari to‘liq barham topmagan bo‘lib, mazkur jinoyatning asosan oqibatlari bilan kurashilmoqda.

Ya’ni daraxtlarga shikast yetkazib, nobud qilib bo‘linganidan keyingina chora ko‘rilmoqda. Bu hol ayniqsa qurilish sohasida ko‘p kuzatilmoqda. Qonun bilan daraxtlarni kesish, shikastlantirish, yo‘q qilinishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan qurilish loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun javobgarlik belgilanayotgani alohida ahamiyatga ega.

Ya’ni nafaqat bunday noqonuniy harakatlarni bevosita amalga  oshirgan shaxslarni, balki birinchi navbatda, buning uchun mas’ul bo‘lgan mutasaddilarni ham tegishli javobgarlikka tortish haqida so‘z bormoqda. Demak, endilikda nafaqat oqibatlar bilan kurashish, balkim sabab va asoslarga yo‘l bermaslikning aniq huquqiy asosi yaratildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

 

N.Abduraimova,  

A.Abdullayev (foto), O‘zA