“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunga muvofiq Hukumat tomonidan qonunchilikni ushbu yangi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilinishi belgilangan.
Senat yalpi majlisida ushbu masalaga ham e’tibor qaratildi.
– Bu jarayonda ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatishimiz lozim, – dedi Senat Raisi T.Norboyeva. – Har bir qo‘mita o‘z yo‘nalishida qonunchilik xatlovini o‘tkazish va muvofiqlashtirish jarayonida Hukumat bilan yaqindan ishlashi zarur. Bu yo‘nalishda ijobiy amaliyotni yo‘lga qo‘ygan edik. Ya’ni, amaldagi qonunlardagi bo‘shliqlar, ziddiyatlar va ahamiyatini yo‘qotgan normalar bo‘yicha monitoring ishlari olib borilib, takliflar Hukumatga kiritib borildi. O‘ylaymanki, mazkur amaliyotdan yana samarali foydalanamiz.
Majlisda Konstitutsiyaning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yetkazish va tushuntirish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Mazkur tadbirlarga nafaqat targ‘ibot, balki aholi bilan uchrashuvlarni o‘tkazish orqali xalqimizning kayfiyati, tashvishga solayotgan masalalarni o‘rganish uchun ham yana bir imkoniyat sifatida qarash lozim.
Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bevosita yuqori palataning jamiyat hayotidagi roli va faolligini yanada oshirishni taqozo etadi.
– Shu nuqtai nazardan Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, Senatning alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va keyingi yalpi majlis tasdig‘iga kiritishimiz kerak bo‘ladi, – dedi Senat Raisi. – Chora-tadbirlar dasturini tayyorlashda barcha qo‘mitalarimiz birdek mas’ul bo‘lishi zarur. Endilikda, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari – parlamentning ham, ijroiya hokimiyatining ham, sud tizimining ham – barchamizning eng asosiy faoliyatimiz konstitutsiyaviy kafolatlarning yurtdoshlarimiz hayotida bevosita aks etishini ta’minlashga qaratilishi zarur.
N.Abduraimova,
A.Abdullayev (surat), O‘zA