Yangi Konstitutsiyaga muvofiq davlat boshqaruvi, iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanish, sud-huquq tizimi, umuman olganda, barcha yo‘nalishlarda sifat jihatdan katta o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

Senat yalpi majlisida shu masalaga e’tibor qaratilib, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi muhim masala – bu joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatining ajratilishi ekani qayd etildi.

– Endi hokimlarning o‘zlari qaror qabul qilib, o‘zlari rahbarlik qiladigan mahalliy Kengashlarda ushbu qarorlarni tasdiqlatish va uning ijrosini nazorat qilish amaliyotidan butunlay voz kechiladi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Chunki mahalliy Kengashlar va hokimlarning vakolatlari alohida-alohida belgilanmoqda. Bu esa ushbu organlar mas’uliyati va javobgarligini oshirish bilan bir qatorda, vazifalar takrorlanishining ham oldini oladi. Endilikda, mahalliy vakillik organlari xalq nomidan muhim siyosiy qarorlarni mustaqil qabul qiladi. Hokimliklar faoliyati ustidan ta’sirchan kengash va deputatlik nazorati o‘rnatiladi. Bunday yangi yondashuv natijasida hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi mahalliy darajada tatbiq etiladi. Kengashlar nazorati kuchayishi hokimlarning mas’uliyati oshishiga zamin yaratadi. Mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlarining bir-biridan ajralishi – Toshkent shahar va viloyatlarda 2024 yilgi saylov natijalari bo‘yicha, tumanlarda esa 2026 yildan boshlab qo‘llaniladi.

Mazkur sharoitda Senat o‘zining hududlar manfaatini ifoda etadigan organ sifatidagi yangi konstitutsiyaviy mohiyatidan kelib chiqib, mahalliy Kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish funksiyasi asosida ular bilan hamkorlik darajasini yangi bosqichga olib chiqishi lozimligi qayd etildi.

– Joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning yechimida doimiy komissiyalar rolini kuchaytiramiz. Doimiy komissiyalar aholini tashvishga solayotgan masalalarni nafaqat mahalliy Kengashlar muhokamasiga, balki Senat qo‘mitalari bilan hamkorlikda Senat majlislariga ham olib chiqish amaliyotini keng yo‘lga qo‘yishlari maqsadga muvofiq, – dedi Senat Raisi. – Bundan tashqari, Yangi Konstitutsiyada belgilangan normalardan kelib chiqib, vakillik organlari faoliyatini tartibga solishga doir barcha normativ-huquqiy hujjatlar to‘liq qaytadan ko‘rib chiqiladi.

 

N.Abduraimova,    

A.Abdullayev (surat), O‘zA