Bugun, 3 may kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferens-aloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar muhokama qilinadi.
“Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqiladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2021 yil 10 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham kun tartibidan o‘rin olgan.
N.Abduraimova, O‘zA