Samarqand davlat universitetiga Turkiyaning Pamukkale universiteti rektori, professor Ahmet Kutluxan boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Olib borilgan ikki tomonlama muzokaralarda agrotexnologiyalar, agrokimyo va o‘simliklar himoyasi, shuningdek, bog‘dorchilik sohalarida hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar tashkil qilish, magistratura va doktoranturada tahsil olayotgan yosh tadqiqotchilarning mazkur sohalarga oid tadqiqotlarida ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Samarqand davlat universiteti va Pamukkale universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda bugungi kunda Turkiyada va jahonda erishilgan zamonaviy agrotexnologiyalarni, jumladan qishloq xo‘jaligi sohasida eng qulay, tatbiq etilishi oson va samarali usullar va texnikalarni bir joyda jamlash maqsadida Innovatsion agrotexnologiyalar transferi ofisini tashkil qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Markaz agrokimyo, agrotexnologiyalar va o‘simliklar himoyasiga qaratilgan muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab olib, mazkur sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib borish, tadqiqot natijalarini qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga samarali tatbiq qilish, sohada zamonaviy va malakali kadrlar tayyorlash kabi maqsadlarni ko‘zda tutishi belgilangan.
– bugungi uchrashuv ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishiga ishonchim komil, – dedi Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo‘lat Rajabov. –Yangi tashkil etilayotgan Agrotexnologiyalar transferining asosiy faoliyati aqlli qishloq xo‘jaligi, o‘simliklar himoyasi, ekinlarni parvarishlashda innovatsion mini texnikalar, aqlli mini issiqxona kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritishi kutilmoqda. Mazkur ofis talabalar, yosh olimlar va fermerlar uchun bilim olish, ilg‘or tajribalarni transfer qilish hamda agrotadbirkorlikni rivojlantirish markazi sifatida xizmat qiladi. Sohada yetishib chiqayotgan bo‘lajak mutaxassislar uchun agrotadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, agrar sohada ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga zamin yaratadi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
O‘zA