Joriy yilning 4 may kuni poytaxtimizda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda tinchlik va birlik qadriyatlariga bag‘ishlangan an’anaviy Yevropa kuniga start beriladi.
Yevropa ko‘nikmalar yili doirasida o‘tkaziladigan Yevropa kunida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi ham diqqat markazida bo‘ladi.
Ta’kidlash kerakki, 2023 yil – Yevropa ko‘nikmalar yili kasbiy va ijtimoiy integratsiya hamda jamiyat rivojiga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda yoshlarni, ayollar va etnik ozchilikni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, ekologik va raqamli jamiyatga o‘tishni rag‘batlantiruvchi, innovatsiyalar va raqobatbardoshlikni ta’minlashga ahamiyat qaratiladi.
–Avlodlar vorisligi – o‘zbek xalqining farqli jihati. O‘zbekiston xalqining ajoyib «ustoz-shogird» an’anasi avloddan-avlodga avaylab saqlanib, benuqson o‘tib keladi. Yoshlar hunar va kasbiy ko‘nikmalarni yoshi katta ustozlar qo‘lida o‘rganadilar. Yevropa Ittifoqi ham ushbu tajriba va bilim almashinuvi silsilasiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bizning moliyalashtiradigan loyiha va dasturlarimiz ayollar, yoshlar va qishloq aholisi farovonligi uchun xizmat qiladi hamda ularni kasbiy ko‘nikmalar bilan ta’minlaydi, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.
Yevropa kuni doirasida 5 may kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida klassik musiqa konserti va 6 may kuni Toshkent Botanika bog‘ida «Yevropa kuni» festivali o‘tkaziladi. Festival Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning ahamiyatini, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar madaniyati va an’analarining turfa xilligini yaqqol namoyish etadi.
Festivalda «Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va barqarorlik», «O‘zbekistonda gender tengligi va ayollar huquqlarini ilgarilatish uchun fuqarolik jamiyati, jamoalar va hokimiyat organlarini mustahkamlash», «Samarqand shahrida qattiq chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilash», «Erasmus+dasturi» kabi bog‘dorchilikni rivojlantirish faoliyati sohasidagi 35dan ortiq loyiha taqdim etiladi.
Yevropa kuni 6 may kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA