Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga tushayotgan murojaatlar qanday hal etilmoqda?
Bu haqda Ombudsman axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ma’lumot berdi:
– 2022 yilda Ombudsman nomiga aholidan, chet el fuqarolaridan va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, shuningdek, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shaxslardan, ularning yaqin qarindoshlari va advokatlardan jami 17 ming 761 murojaat kelib tushdi.
Ularning 95 tasi anonim, deb topilgan bo‘lsa-da, ularda ko‘tarilgan muammoli masalalar o‘rganildi va tegishli choralar ko‘rildi.
Takroriy murojaatlar sonini keskin kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida ular soni 2022 yilda 2021 yilga nisbatan 15,8 foizga kamaydi.
2022 yildan Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshladi. Bu esa fuqarolarning markazga kelish vaqtlari va xarajatlarini tejash, murojaatlarni tezlik bilan joyiga chiqib o‘rganish, monitoring tashriflari qamrovini kengaytirish imkonini berdi.
Ombudsman tomonidan davlat organlari va idoralariga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 134 ta’sir chorasi shaklidagi hujjatlar kiritilib, ularning 20 tasi xulosa, 36 tasi taqdimnoma hamda 78 tasi da’vo arizalarni tashkil qildi.
Ombudsmanning fuqarolar manfaatida yo‘llagan murojaatlari bo‘yicha so‘roviga asosan tashkilotlar tomonidan sudlarga 13 da’vo arizasi kiritildi. Ombudsman xodimlari 143 marotaba sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.
Fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirishi belgilangan mablag‘lar 2 milliard 372 million so‘mni tashkil etdi.
Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va ma’naviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 1 milliard 358 million so‘mdan ortiq mablag‘ fuqarolar foydasiga undirildi.
Bundan tashqari, 45,4 million so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlandi.
Fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha 505 million 914 ming so‘m undirildi.
Ombudsman ko‘magida fuqarolarga 447,1 million so‘mga yaqin moddiy yordam, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun subsidiya va boshqa turdagi moliyaviy yordam ajratilgan. Shuningdek, 13 nafar fuqaro ishga tiklandi, 4 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. 14 nafar fuqaroning zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik fakti belgilandi. 7 nafar fuqaroga pensiya hisoblashda inobatga olinmagan staj qayta hisoblab chiqilishi belgilandi.
Muruvvat uylarida yashovchi 27 nafar shaxsning tug‘ilganlik fakti belgilandi va hujjatlari rasmiylashtirildi.
24 nafar xotin-qizl “Ayollar daftari”ga, 12 nafar fuqaro “Yoshlar daftari”ga, 5 nafar fuqaro “Temir daftar”ga kiritildi. 3 nafar fuqaroga uy-joy ajratilishi va 9 nafar ayol va xotin-qizga “himoya orderi” berilishi ta’minlandi.
Fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlar mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan murojaatlarini o‘rganish asnosida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning uch nafar mas’ul xodimi o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagani uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan, bir nafariga qattiq ogohlantirish berilgan.
O‘n holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qabul qilingan qarorlar bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan.
Ombudsman so‘roviga asosan vakolatli davlat organlari tomonidan mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlarida qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlanib, 3 nafar mas’ul egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 22 nafar mas’ulga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi, 6 nafar mas’ulga o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida “jarima” intizomiy jazosi qo‘llanildi, 3 nafar mas’ul ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Murojaatlarda aniqlangan muammo va kamchiliklarni tahlil qilish natijasida qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlarga kiritildi.
Ombudsmanga 2022 yilda chet el fuqarolari, chet eldagi O‘zbekiston fuqarolari hamda chet davlatlar Ombudsmanlari tomonidan 61 murojaat tushgan. Shundan 26 ta murojaat Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlar Ombudsmanlari tomonidan yuborildi. Ushbu murojaatlarning 70 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan.
N.Abduraimova, O‘zA